1

IIB xodimlari bu safar Sirdaryo viloyati sudining sud`yasini haqorat qilib, tan jarohati etkazishdi

Jamiyat 15.07.2020, 17:20
IIB xodimlari bu safar Sirdaryo viloyati sudining sud`yasini haqorat qilib, tan jarohati etkazishdi

Sudyalar oliy kengashi mas`ul xodimlari Jinoyat ishlari bo`yicha Sirdaryo viloyati sudining sudyasi A.Ergashevning qarshilikka uchragani, tan jarohati olgani holati bo`yicha viloyatga borib xizmat tekshiruvi olib bormoqda.

Dastlabki o`rganish davomida sudya Guliston shahri hududiga kirishda o`rnatilgan «Karantin blok posti»dan o`tmoqchi bo`lganida, postda xizmatda bo`lgan IIB va Milliy gvardiya xodimlari postni sun`iy ravishda to`sib qo`yib, sudyaning boshqaruvida bo`lgan avtotransport vositasini o`tkazmasdan, boshqa yo`nalishga qarab harakatlanishni talab qilishgani aniqlandi.

Sudya A.Ergashev IIB xodimlariga kirib-chiqish ruxsat etilgan blok post orqali shahar hududiga kirishi kerakligi haqida tushuntirmoqchi bo`lganida huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari sudyaning qonuniy talabini eshitmasdan, unga qo`pol muomalada bo`lib, avtomashinasini qo`llari bilan urib, sudyani o`z avtomashinasidan kuch ishlatish yo`li bilan majburan tushirib, qo`lidan tortib uni chetga olib, uni shaxsi, sudyalik lavozimi va qadr-qimmatini haqorat qilib, unga tan jarohati etkazishgan. Uning shaxsiy mulki hisoblangan avtomashinasini esa IIB xodimi boshqarib, voqea joyidan yo`lning chetiga olib borib, ochiq holda tashlab ketgan.

Mazkur voqeadan so`ng ahvoli yomonlashgan sudya A.Ergashev tez tibbiy yordam xodimlari tomonidan Sirdaryo viloyat shifoxonasining shoshilinch tez tibbiy yordam bo`limiga olib ketilgan.

Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosasida, A.Ergashevda chap qo`l elka bo`g`imi, chap oyoq tizza bo`g`imi old sohalari qontalashlari, bosh chap tomon chakka-tepa, chap qo`l bilak kaft bo`g`imi, ko`krak umurtqalari sohasi yumshoq to`qimalari lat eyishi kabi jarohatlar aniqlangan. Ushbu jarohatlar og`irlik darajasiga ko`ra, engil shikast toifasiga kirishi ko`rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Sirdaryo viloyat prokuraturasi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Sudyalar oliy kengashining yuz bergan vaziyatni atroflicha o`rganish hamda xolis ma`lumot to`plash maqsadida o`tkazayotgan xizmat tekshiruvi yakuniy natijalari ma`lum qilinadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1