1

Kasallik bilan mukammal shug`ullanmagani uchun Alisher Shodmonov va Jahongir Ortiqxo`jaevga hayfsan e`lon qilindi

Siyosat 15.07.2020, 21:33
Kasallik bilan mukammal shug`ullanmagani uchun Alisher Shodmonov va Jahongir Ortiqxo`jaevga hayfsan e`lon qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoev 15 iyul kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida pandemiya bilan bog`liq vaziyat muhokamasiga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazdi.

Koronavirus kasalligi yurtimizga kirib kelganidan beri davlatimiz rahbari epidemiologik holatni jiddiy nazoratga olib, deyarli har bir yig`ilishda bu masalaga to`xtalib o`tmoqda. Kecha bo`lib o`tgan selektorda ham joylarda bu boradagi ishlar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning hisoboti eshitilgan edi. Ularning hozirgi murakkab vaziyatni to`g`ri baholay olmayotgani, xavfni tushunib etmayotgani ayonlashdi.

Ayniqsa, Toshkent shahri va poytaxt viloyatida hokimlar va sektorlar rahbarlari ishonib topshirilgan hududlardagi haqiqiy ahvolni o`rganmagan, dedi bugungi yig`ilishda davlatimiz rahbari. “Tibbiyot muassasalaridagi real vaziyatni bilmaydi. Aholini virusdan ogohlantirish va saqlash, kasallarni o`z vaqtida va to`g`ri davolash uchun mas`uliyatni his qilmagan.”

Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan ham, keyingi bir oyda koronavirusni davolash strategiyasi va taktikasi keskin buzilgan, real holatdan kelib chiqib, davolash amaliyoti o`zgartirilmagan.

Toshkent shahrida kasallikni aniqlaydigan testlar va zarur tibbiyot vositalari etishmayapti. Dorixonalarda virus va isitmaga qarshi preparatlar narxi asossiz, bir necha barobar oshirib yuborilgan, bu esa aholi orasida ko`plab e`tirozlarga sabab bo`lmoqda.

Ayni paytda Toshkent shahri shifoxonalarida 418 ta, Toshkent viloyatida esa 816 ta shtat birliklari bo`sh turgani vazirlik va hokimiyat tomonidan joriy vaziyat o`z holiga tashlab qo`yilganidan dalolat beradi.

Yig`ilishda ta`kidlanganidek, aholi koronavirus va boshqa kasalliklar bo`yicha qaerga borib murojaat qilishni va davolanishni bilmay, sarson bo`lmoqda. Shoshilinch tibbiy yordamga qo`ng`iroq qilib tushish qiyinlashib ketgan.

Virus yuqtirganlar soni poytaxtda 4 ming 92 tani va Toshkent viloyatida 1 ming 498 tani tashkil etmoqda. Bu butun mamlakat bo`yicha kasallarning 40 foizi deganidir. Toshkent shahrida koronavirusdan o`lim soni ham keskin ko`payib, 45 taga etgan.

Prezident bunday achinarli holatlar aholining haqli shikoyat va e`tirozlariga sabab bo`layotganini ta`kidladi.

Koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash bo`yicha Toshkent shahridagi ishlarni talab darajasida tashkil etmagani, epidemiologik vaziyatning salbiy o`zgarishlariga tayyor bo`lishni ta`minlamagani, bu kasallik bilan “pastga tushib” mukammal shug`ullanmagani uchun Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaevga hayfsan e`lon qilindi. Shahar va viloyatning barcha sektor rahbarlari jiddiy ogohlantirildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1