1

Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasidagi vaziyat yuzasidan rasmiy axborot berildi

Jamiyat 16.07.2020, 08:00
Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasidagi vaziyat yuzasidan rasmiy axborot berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq shahrida joylashgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi tibbiy xodimlari shifoxonadan ketib qolgani, muassasa yopilgani mazmunidagi fikrlar tarqalmoqda. Ushbu vaziyat yuzasidan Toshkent viloyati hokimligi Matbuot xizmati rasmiy axborot berdi. 

Aslida bu – yolg`on axborot bo`lib, haqiqatga to`g`ri kelmaydi. Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yuldasheva viloyat Sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i To`raqul Arziqulovga rasman xat orqali murojaat qilib, 11-15 iyul kunlari mazkur shifoxonada dezinfeksiya, deratizasiya, yuvish va chayish ishlarini olib borishga ruxsat so`ragan. 

Viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasining roziligi asosida, ayni paytda Chirchiq shahridagi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida yuqoridagi ishlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, shifoxonaning tibbiy xodimlarning karantin sharoitidagi mehnat faoliyatini baholashda, ularni rag`batlashtirishda mavjud huquqiy hujjatlarga rioya etilmagani, karantinga olinganlar, koronavirus infeksiyasi bilan og`rigan bemorlarni davolashda ishtiroki munosib baholanmayotgani mazmunidagi ijtimoiy tarmoqlarga bayonot berishgan.

Viloyat moliya bosh boshqarmasi, sog`liqni saqlash boshqarmasi ushbu holatlar bo`yicha bir necha marta shifoxona xodimlari bilan uchrashishgan, mavjud qonunchilik bo`yicha belgilangan me`yorlar tushuntirilgan. Ya`ni, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bemorlarni davolash bilan shug`ullanmagani, karantinga olingan fuqarolarni laborator tahlillarni olish, infeksiya aniqlangan bemorlarni maxsus shifoxonalarga yo`llanma asosida yuborishda qatnashganlar. Bu holatda ular to`liq siklda 14 kun davomida bemorlarni davolashda ishtirok etmagani inobatga olinadi va moddiy rag`batlantirish tartibi shu jihatga asosan, bevosita bemorlarni davolashda qatnashgan shifokorlar bilan bir xil bo`lmaydi.

Albatta, karantin tartiblari yanada kuchaytirilgan, bemorlar soni oshib borayotgan hozirgi paytda shifokorlar bilan bunday tushunmovchilik yuzaga kelayotgani yoqimsiz holat. Lekin, hech kim, hech bir tashkilot va idora O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo`llab-quvvatlashga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Qarori hamda Respublika maxsus komissiyasining qarorida belgilangan me`yorlarni o`zgartirgan holda qo`shimcha rag`batlantirishni amalga oshirishga haqli emas.

Ma`lumot o`rnida, ayni paytga qadar viloyatda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda ishtirok etayotgan shifokorlarni moddiy rag`batlantirishga jami 15 milliard 900 million so`m mablag` sarflandi. 4 ming 829 nafar tibbiyot xodimining oylik maoshiga qo`shimcha 6 foiz moddiy rag`batlantirish ajratildi. Bu maqsadda jami 9 milliard 200 million so`m mablag` yo`naltirilgan. Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda qatnashgan 333 nafar shifokorlar 14 kunlik faoliyati uchun jami 6 milliard 700 million so`m miqdorida moddiy rag`batlantirilgan, deyiladi munosabatda. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1