Sog`liqni saqlash vazirligining ma`lum qilishicha, Chilonzor tumanida yashovchi 53 yoshli fuqaro Sh. A. (erkak) shu yilning 6 iyulida holsizlik, tana haroratining ko`tarilishi, yo`tal, bosh og`rig`i, hansirash paydo bo`lgach, Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan va bemorda COVID-19 tasdiqlangan. Shundan so`ng u Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida davolanishni boshlagan.
Bemorga COVID-19 infeksiyasi o`ta og`ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo`yilgan. Mutaxassislar tomonidan onlayn konsultasiya va konsiliumlar o`tkazilgan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.
Bemorda, shuningdek, yurak ishemik kasalligi, qandli diabet 2-turi, semizlik 2-3-darajasi borligi ham qayd etilgan.
So`nggi kunlarda bemorning ahvoli yomonlashgan, zudlik bilan o`pka, yurak reanimasiyasi amalga oshirilgan. O`tkazilgan muolajaga qaramasdan, yurak ritmi tiklanmagan va bemor o`tkir yurak qon-tomir hamda nafas etishmovchiligidan vafot etgan.






