AsosiyJamiyat

Pandemiya va inson huquqlari: O`zbekiston tajribasi

'Pandemiya va inson huquqlari: O`zbekiston tajribasi'ning rasmi

Toshkent shahrida Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining O`zbekistondagi Vakolatxonasi va EXHTning mamlakatimizdagi Loyihalarini muvofiqlashtiruvchisi ofisi bilan hamkorlikda Milliy muloqot tashkil etildi. Ushbu tadbir COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan joriy etilgan cheklovlar sharoitida inson huquqlarini himoya qilish mavzusiga bag`ishlandi.

         Onlayn davra suhbatida Oliy Majlis Senati a`zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar mas`ullari, O`zbekistondagi xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari hamda fuqarolik jamiyati institutlari mutasaddilari, shuningdek BMT, BMT Rivojlanish Dasturi, BMTning Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti(JSST), EXHT va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari  ishtirok etdi. Unda O`zbekistonning COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish jarayonida inson huquqlarini ta`minlashga oid milliy choralarni amalga oshirish borasidagi ijobiy saboqlari muhokama qilindi.

Bundan oldin, 24 iyunda BMT va EXHT rasmiy shaxslari Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanidagi O`rtasaroy karantin markaziga tashrif buyurgandi. Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari Akmal Saidov tashabbusi bilan amalga oshirilgan ushbu tashrif tufayli karantin hududlarida inson huquqlariga amal qilinishi borasidagi O`zbekiston tajribasini tahlil qilish uchun amaliy dalillar to`plash imkoniyati tug`ildi.

Milliy muloqot doirasida Sog`liqni saqlash vazirligi va Adliya vazirligi vakillari, Bolalar ombudsmani, shuningdek  BMT Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasining Jenevadagi eksperti, BMT Qiynoqlarga qarshi kichik qo`mitasi raisining o`rinbosari, JSST Evropadagi mintaqaviy byurosi mutaxassisi hamda fuqarolik jamiyati mustaqil vakillarining ma`ruzalari tinglandi. Ma`ruzachilar O`zbekistonning bu boradagi tajribasidan kelib chiqadigan xulosa va tavsiyalar hamda global istiqbol masalalari xususida atroflicha fikr yuritdilar. 

Uchrashuvda BMTning karantin choralari bo`yicha qabul qilgan so`nggi rahbariy yo`riqnomalari ham muhokama qilindi. Jumladan, 2020 yil 19 martda tasdiqlangan "Koronavirus (COVID-19) kasalligi tarqalishini tiyib turish sharoitida alohida shaxslarni karantinga joylashtirish prinsiplari bo`yicha JSST Yo`riqnomasi" haqida so`z bordi.

Mazkur Yo`riqnomada qayd etilganidek, koronavirus pandemiyasi tarqalayotgan sharoitda jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda ish olib borish muhim ahamiyatga ega. Karantinga joylashtirilgan shaxslarga tibbiy, moliyaviy, ijtimoiy va ruhiy-ma`naviy yordam ko`rsatilishi lozim. Ularning asosiy ehtiyojlari, jumladan, oziq-ovqat, suv va boshqa shu kabi hayotiy zarur mahsulotlarga bo`lgan talablari qanoatlantirilishi zarur. Ayniqsa, aholining zaif qatlamlari talab-ehtiyojlariga ustuvor ahamiyat berilishi darkor. 

Bundan tashqari, ishtirokchilar BMT inson huquqlari bo`yicha qo`mitasining COVID-19 bilan bog`liq karantin masalasiga doir muhim bir tavsiyasini ma`lumot uchun qabul qildilar. Bu o`rinda davlatlarning barcha kishilar, shu jumladan, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar bilan insoniylik asosida va inson qadr-qimmatiga hurmat ko`rsatgan holda muomala qilish majburiyatiga doir tavsiya haqida gap bormoqda.

Bu haqda fikr yuritganda, mamlakatimizda ham ushbu xatarni bartaraf etish uchun barcha zarur choralar ko`rilayotganini qayd etish maqsadga muvofiqdir. Eng muhimi, bunda avvalo inson manfaatlarining har narsadan ustunligi talabidan kelib chiqilayotir.

Ma`lumki, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash bo`yicha tibbiy va ijtimoiy chora-tadbirlar jamoatchilikning to`liq ishtirokida amalga oshirilishi zarurligi JSST tomonidan qat`iy tavsiya etilgan. Chunki inson huquqlari, jumladan insonning o`z fikrini erkin ifoda etish va qarorlar qabul qilishda faol ishtirok etish huquqi hurmat qilinishi jamoatchilik sog`ligini saqlash siyosatining muhim omili hisoblanadi.

Milliy muloqot yakunida pandemiya karantini sharoitida inson huquqlarini himoya qilish borasida aniqlangan qiyinchiliklar bo`yicha davlat organlariga taklif etiladigan tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

Inson huquqlari bo`yicha 

O`zbekiston Respublikasi 

Milliy markazining

matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar