AsosiyJamiyat

Andijonliklar ommaviy qabullarda qanday muammolarni ko`tarishdi?

'Andijonliklar ommaviy qabullarda qanday muammolarni ko`tarishdi?'ning rasmi

Prezident Administrasiyasi hamda Xalq qabulxonasi mas`ul xodimlari boshchiligida Andijon viloyatida tashkil qilingan ommaviy qabullarda asosiy e`tibor – murojaatlarda ko`tarilgan muammolarni joyiga chiqib o`rganish va hal qilishga qaratildi. 

Xususan, Asaka, Bo`ston va Qo`rg`ontepa tumanlarida tashkil qilingan qabullarda mazkur hududlardan tashqari Marhamat, Buloqboshi, Jalaquduq, Xo`jaobod, Baliqchi, Shahrixon, Ulug`nor tumanlari, Andijon va Xonobodshaharlari aholisini o`ylantirayotgan masalalar o`rganildi.Ta`kidlash kerakki, muloqotlar davomida tadbirkorlar muammolariga hamda aholi bandligi ta`minlash masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Xususan, Asaka tumani “Ungut” mahallasida xususiy bog`cha tashkil qilgan Shuhrat Jo`raev 5 oydan buyon daromadsiz qolib og`ir ahvolga kelib qolgan edi. Uning murojaatidan so`ng mazkur muassasa davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat olib boradigan bo`ldi. Tadbirkorga ajratiladigan subsidiya karantindan so`ng ularning oyoqqa turib olishiga katta yordam bo`ladi.

Jalaquduqlik tadbirkor Mirodil Jo`raevning murojaati asosida unga “Dostonobod” mahallasida 100 o`rinli xususiy maktabgacha ta`lim muassasasi qurish uchun imtiyozli kredit ajratiladigan bo`ldi. Qo`rg`ontepalik tadbirkor Yorqinoy Nurmatovaning murojaatidan so`ng unga qarashli nodavlat maktabgacha ta`lim muassasasiga tabiiy gaz tarmog`i tortib berildi.

Asakalik tadbirkor Halimaxon Qurbonovaga qarashli “Navro`z” korxonasida trikataj mahsulotlari tayyorlanmoqda. Ishbilarmon ayol faoliyatini yanada kengaytirish va mahsulotini eksport qilishi uchun qo`shimcha bino, bino qurish uchun esa er kerak. Uning murojaatidan so`ng mavjud tartib-taomillar doirasida Asaka tumani Navro`z dahasidan 4 sotix er ajratib berildi.

Bo`stonlik tadbirkor Elyorbek Haydarov esa ancha yillik tajribaga ega. Parrandachilik yo`nalishi bo`yicha klaster tizimini yo`lga qo`ygan hamyurtimiz yana bir necha istiqbolli loyihalarni amaliyotga joriy etish istagida ommaviy qabulga keldi. Uning murojaatidan so`ng yana qo`shimcha parandachilik klasteri tashkil etish va ozuqasi uchun er ajratish masalasi hal bo`ldi.

Baliqchilik Shohida Dehqonova esa qabuldagi murojaatidan so`ng shu kunning o`zida Maktabgacha ta`lim vazirligi bilan davlat-xususiy sherikchilik asosida 100 o`rinli maktabgacha ta`lim tashkiloti qurish uchun kelishuv bitimini imzoladi. Shu yil yakunigacha tadbirkor yangi muassasa faoliyatini yo`lga qo`yadi.

Asaka va Qo`rg`ontepa tumanlaridagi qabullarda o`nlab insonlar doimiy ishga joylashtirildi. Deylik, asakalik Farida Ahmadjonova maktabgacha ta`lim tashkilotida ish boshladi. Yolg`iz ayolga qo`shimcha daromad bo`lishi uchun sog`in sigir ham olib berildi. Oliy ma`lumotli menejment bo`laturib ish topolmay yurgan Tursunali Xudoyorovga ham o`z mutaxassisligi bo`yicha ish topib berildi.

Izboskan tumanidagi ommaviy qabulda ijtimoiy ko`makka muhtoj ko`plab oilalarning qator muammolari hal qilib berildi. Deylik, Aziza Madaminovaga 2 yoshli farzandini jarrohlik amaliyoti asosida davolash uchun Izboskan tumani hokimligi hisobidan zarur mablag` ajratilishi bilan yana bir oilaning ko`p yillik masalasi hal qilindi.

10 kun avval Izboskan tumani “Madaniyat” mahallasida yashovchi Akmaljon Jumaboevning xonadoni butunlay yonib ketdi. Boz ustiga yong`in ikki qo`shnisining uyiga ham zarar berdi. Oqibatda, kulga aylangan xonadon egasi nihoyatda og`ir ahvolda qoldi. Ommaviy qabuldagi murojaatdan so`ng Akmaljon Jumaboevga uyini tiklab olishi uchun zarur qurilish materiallari olib beriladigan bo`ldi.

Jami Andijon viloyatida tashkil qilingan ommaviy qabullarda 832 nafar fuqaroning 857 ta masalaga oid murojaatlari ko`rib chiqildi. Ularning 298 tasi joyida hal etilgan bo`lsa, 218 ta murojaat egasiga huquqiy maslahat va tushuntirish berildi, 341 ta murojaat bo`yicha aniq muddat va mas`ullar belgilanib, nazoratga olindi. 

    Boshqa yangiliklar