AsosiyJinoyat

Davlat xoinligida ayblangan shaxslarga nisbatan sud hukmi o`qildi

'Davlat xoinligida ayblangan shaxslarga nisbatan sud hukmi o`qildi'ning rasmi

2020 yil 15 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi Harbiy sudida O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 157-moddasi (davlatga xoinlik qilish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan A.Yarbabaev va E.Yarbabaevalarga oid jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni nihoyasiga etdi va sud hukmi e`lon qilindi. Bu haqda O`zbekiston respublikasi Oliy sudining matbuot xizmati xabar berdi.

Bir necha oy davom etgan yopiq sud majlisida guvohlar va sudlanuvchilarning ko`rsatuvlari tinglanib, tahlil qilindi.

Tergov organi tomonidan to`plangan dalillarga baho berilib, sudlanuvchilarning keltirgan vajlari tekshirildi.

Sud hay`ati jinoyat ishi materiallarini har tomonlama o`rganib chiqib, sudlanuvchi A.Yarbabaev va E.Yarbabaevalarni yuqoridagi jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sud hay`ati sudlanuvchilarga nisbatan jazo tayinlashda O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va jinoyat qonunchiligida belgilangan insonparvarlik va adolat tamoyillariga asoslandi.

Jumladan, sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, sudlanuvchilarning shaxsi, oilaviy ahvoli kabi jazoni engillashtiruvchi va og`irlashtiruvchi holatlar e`tiborga olinib, A.Yarbabaevga 11 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, shu ish bo`yicha sudlangan , E.Yarbabaevaga Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo`llanib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, E.Yarbabaevaning tergov va sudda jinoyatlarni fosh etishga faol yordam berganligi va ishdagi boshqa javobgarligini engillashtiruvchi holatlarni e`tiborga olib, sud aybdor tayinlangan jazoni o`tamasdan turib ham uning xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin, degan qat`iy fikrga kelib, insonparvarlik va odillik tamoyillariga asoslanib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 72-moddasi qo`llanib, 3 yilga sinov muddati belgilangan holda shartli ravishda jazodan ozod etildi.

    Boshqa yangiliklar