16 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta`minlash masalalari bo`yicha komissiyasining videokonferensaloqa tarzida yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Oliy Majlis Senati Raisi, Respublika Gender komissiyasi raisi Tanzila Narbaeva olib borgan yig`ilishda senatorlar, Komissiya a`zolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirok etdi.
Yig`ilishda O`zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta`minlash masalalari bo`yicha komissiyasining 2020 yil birinchi yarim yillikda amalga oshirgan ishlari, Zo`rlik ishlatishdan jabr ko`rgan shaxslarni reabilitasiya qilish va moslashtirish hamda o`z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazining joriy yilning o`tgan 6 oyi davomidagi faoliyati diqqat markazida bo`ldi.
Ta`kidlanganidek, 2020 yilning yanvar-iyun oylari davomida Komissiya tomonidan gender tenglikni ta`minlash hamda xotin-qizlarni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish borasida bir qator ishlar olib borilgan. Jumladan, Qonun hujjatlari xotin-qizlarning mehnat va tadbirkorlik huquqlari kamsitilishiga oid standartlarga mosligi nuqtai nazaridan inventarizasiya qilindi.
Mamlakatimizda qabul qilinishi ko`zda tutilgan har bir normativ-huquqiy hujjat loyihasining gender huquqiy ekspertizasidan o`tkazilishi bo`yicha Nizom Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi. Barcha vazirlik va idoralarda gender tenglik masalalari bo`yicha maslahat kengashlari tashkil etildi. Ularning faoliyatini yo`lga qo`yish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalarda xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta`minlashga qaratilgan “2020-2030 yillarda O`zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi” loyihasi ishlab chiqildi. Hozirda ushbu strategiya davlat va nodavlat tashkilotlari bilan kelishilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o`rnini oshirish borasida salmoqli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O`tgan ikki yil ichida xotin-qizlar safidan senator va deputatlar, vazir va idoralar rahbarlari, elchi va hokimlar chiqqanligi, ularning yuqori darajalarda qarorlar qabul qilish imkoniyatiga ega bo`layotganligidan dalolatdir.
Komissiya a`zolari xotin-qizlar bandligi masalalarini ham muhokama qilib, ushbu yo`nalishda mamlakat Prezidenti tomonidan 14 iyul kuni o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida belgilangan vazifalar doirasida bajariladigan chora-tadbirlar belgilab olindi.
BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish murojaatiga javoban koronavirus pandemiyasi davrida Komissiya va “NNTlar birlashmasi” bilan hamkorlikda “Ishonch telefoni”, “Telegram” ijtimoiy tarmog`ida “Zo`ravonlikka yo`l yo`q!” kanalining faoliyati yo`lga qo`yildi. “Karantinni qanday o`tkazyapmiz?” nomli videoroliklar tanlovi o`tkazildi.

Yig`ilishda Zo`rlik ishlatishdan jabr ko`rgan shaxslarni reabilitasiya qilish va moslashtirish hamda o`z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi faoliyatini tizimli yo`lga qo`yish, ular tomonidan tazyiq va zo`ravonlik qurbonlariga yordam ko`rsatishda ayrim muammo va kamchiliklar saqlanib qolinayotgani ham tanqidiy muhokama qilindi va ushbu markazlarining faoliyatini qayta ko`rib chiqish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, zo`ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish maqsadida amalga oshirilishi kerak bo`lgan xizmat turlarini aks ettiruvchi Standart operasion choralarni ishlab chiqish bo`yicha idoralararo ekspert ishchi guruhi tomonidan tuzilgan ish rejasi asosida ishlab chiqilgan hujjat taqdimoti bo`lib o`tdi.






