Bu galgi murojaat viloyatdagi xususiy klinikalar, shoshilinch tibbiy yordam xizmati va dorixonalar rahbarlariga bo`ldi.
Viloyatda 450 dan ziyod xususiy klinika, 943 ta dorixona faoliyat yuritadi. Shundan, 49 ta dorixona yirik hisoblanib, xalqaro miqyosda savdolarni amalga oshirib keladi. Bu esa, voha ahlining dori vositalariga bo`lgan ehtiyojini qondirishi bilan bir qatorda, narx-navoning asossiz oshib ketishiga ham yo`l qo`ymaydi.
Shuningdek, kecha Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda zarur bo`lgan kislorod konsentratorlarini bojxona to`lovlaridan ozod etish, koronavirusga test olish va davolashga xususiy klinikalarga ham ruxsat berilgani aholiga qulaylik tug`diradi.
Murojaatda ta`kidlanganidek, dorixona rahbarlariga transport logistikasi, kredit mablag`lari (1 %lik) va dorilarni saqlash uchun omborxonalar masalasida yordam beriladi.
Viloyat rahbari shoshilinch tibbiy yordam xizmati faoliyatiga ham alohida to`xtalib, biror bir qo`ng`iroq javobsiz qolmasligi va chaqiruv joyiga 15 daqiqada kechikmasdan borishni ta`minlash kerakligini bildirdi. Zarur bo`lsa, mahalliy byudjetdan maxsus avtomashinalar sotib olishga tayyorligini aytib o`tdi.
Murojaat davomida viloyat hokimi “Donishmandlarimiz “El boshiga ish tushsa, botirlari sinalar”, deganlaridek, og`ir damlarda har birimiz elkama-elka bo`lib, tozalik, pokizalikka e`tibor qaratib, hamjihat harakatda bo`lsak, xalqimiz boshidagi sinovlarni katta yo`qotishlarsiz mardona engib o`tamiz”, deya barchani faollikka chaqirdi.
Ma`lumot o`rnida, agar qashqadaryoliqlar koronavirus infeksiyasining oldini olish va uning tarqalishiga qarshi kurashish, bemorlarni davolash masalalarida e`tiborsizlik holatlarga duch kelishsa, viloyatda tashkil etilgan “Call-markaz”ning 75 220-03-00 telefon raqamiga murojaat qilish so`ralmoqda.






