Bugun Toshkent davlat yuridik universitetida o`qitishning yangi zamonaviy modul tizimi asosida ta`lim olgan, universitetni muvvafaqiyatli tamomlayotgan bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi bo`lib o`tdi. Marosim Zoom videodasturi orqali bitiruvchilar va ularning ota-onalari ishtirokida o`tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi.
Mazkur o`quv yilida ushbu oliy ta`lim muassasasini 481 nafar bakalavr hamda 124 nafar magistratura bosqichi talabalari tamomlashdi.
“Qonun ustuvorligi va adolatni ta`minlash faoliyatingizning bosh mezoni bo`lsin: oq yo`l, Aziz bitiruvchilar!” mavzuida o`tkazilgan ma`rifiy tadbirda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ishtirok etdi. Shuningdek, unda Oliy sud raisi Kozimjon Komilov, Bosh prokuror o`rinbosari Svetlana Artikova, Fan arbobi, universitet Faxriylar kengashi raisi Halim Boboev, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahimjon Xakimov va bitiruvchilarning ota-onalari, yoshlar qatnashdi.
Adliya vaziri yuridik kadrlarni tayyorlash borasidagi islohotlar haqida so`z yuritdi. Bugungi huquqshunos kadrlarga qo`yiladigan talablar, xususan, ular qanday mezonlarga javob berishi kerakligi borasida o`z mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, vazir bitiruvchilarga oq yo`l tilab: “Kelgusida Sizlarning orangizdan davlat va siyosat arboblari, xalqaro darajada faoliyat yuritishga qodir etuk huquqshunoslar, olimlar etishib chiqadi. Aynan Sizlar bo`lg`usi vazirlar, sudyalar, prokurorlar, advokatlar, notariuslar, yaxshi FHDYo xodimalari, boringki, professional huquqshunos mutaxassislar sifatida bugun hayot maydoniga chiqyapsiz.
Hamisha o`z faoliyatingizda qonuniylik va adolatga qat`iy amal qilib, inson va uning sha`ni hamda qadr-qimmati oliy qadriyat ekanligini doimo his qilgan holda xalqimiz manfaatlarini himoya qilasiz. Yana bir bora ta`kidlasamda halollik, poklik va xolislik shioringizga aylansin.
Aziz yoshlar, qadrli bitiruvchilar, bo`lajak hamkasblar!
Huquqshunoslik sohasiga mutaxassis sifatida ilk qadam qo`yayotgan bugungi kun har biringizga muborak bo`lsin! Adolat, haqiqat uchun xizmat qilish e`tiqodingizga, qat`iy shioringizga aylanishiga, jamiyatimizda muhim o`ringa ega bo`lgan huquqshunoslik sohasini rivojlantirishga astoydil harakat qilishingizga ishonaman. Chunki bu dargohda Sizni kamolga etkazgan ustozlar o`giti va bilimlari doimo sizga hamroh bo`lib, Sizdagi shijoat va g`ayrat bu marralarni zabt etishga, albatta, qodir. Eng adolatli huquqshunos, degan sharafli nomga doimo munosib bo`lishingizga tilakdoshman!”, deya o`z tabrigini yo`lladi.






