“Istiqlol” san`at saroyida Botir Qodirovning yakkaxon konserti bo`lib o`tgan va unga ayrim sabablarga ko`ra jurnalistlar kirishiga ta`qiq qo`yilgani haqida xabar bergandik.
Mazkur masala yuzasidan “Darakchi” gazetasi muxbiri xonandaning ma`muri Asror Isoxo`jaev bilan bog`lanib, masalaga oydinlik kiritishini so`radik.
Ma`murning aytishicha, konsertning birinchi kunida matbuot xodimlaridan biri noqonuniy ravishda kitob chiqarib sotgan. Bundan xabar topgan xonanda jahli chiqib, oynalarni sindirib tashlagan, OAV xodimlari konsertiga kirishini istamagan. Shuningdek, u konsert saroyi rahbariga «jurnalistlarni kiritmaysiz, biz ularni chaqirmaganmiz», degan ekan.
Demak rost...
Ushbu savol bilan ertasi kuni konsertni tashkillashtirgan, “O`zbeknavo estrada birlashmasi”, konsert-tomosha faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig`i Qobiljon Yo`ldoshevga murojaat qilganimizda, u Botir Qodirovning o`zi saroy rahbariyatidan jurnalistlarni konsertga kiritmaslikni so`raganini tasdiqladi. San`at saroyi ma`muriyati esa, xonandaning talabini qondirishgan.
Shundan keyin biz ham xonandaning ma`muriga vaziyat qanday bo`lsa shundayligicha yoritishimizni aytdik u esa Botir Qodirovni tarafini ola boshladi. Bu gal prodyuser bizni konsertning uchinchi kuni, kunduzgi seansga taklif qilib, kechagi mashmashani konsertga taklifnoma tegmay qolgan qo`riqlash xizmati boshlig`i o`ylab topganini aytdi.
Ana xolos! Avvaliga Botir Qodirov aybdor bo`lgandi, endi esa chipta tegmay qolgan qo`riqlash xizmati rahbari!
Xullas, nima bo`lganda ham matbuot xodimlari konsertga kiritilmadi (balki boshqa matbuot xodimlari kirgandir degan xayolda qayta so`raganimizda prodyuser “hech bir jurnalist kiritilmadi!” deb ta`kidladi).
Bu masalada xonandaning ma`muri mojaro tugamaganligi, bu borada keyinroq batafsil ma`lumot berishlari mumkinligini aytdi...
Hozircha ma`lumot berilgani yo`q...
Shundan so`ng, biz omma uchun namoyish etilayotgan konsert va boshqa dasturlarda OAV vakillari erkin ishtirok etish va yoritish huquqiga egami? Ushbu mavzudagi savol bilan “O`zbeknavo” estrada birlashmasining direktori vazifasini bajaruvchi Murod Majidovning javoblarini oldik, uning javoblari bilan “Darakchi”ning yangi sonida tanishishingiz mumkin.
Ushbu holat “Istiqlol” san`at saroyi qo`riqlash xizmati boshlig`iga taklifnoma tegmay qolgani sababli yuzaga keldimi?..
Mazkur ayblov yuzasidan san`at saroyi direktori qanday izoh berdi?..
“Istiqlol” san`at saroyi qo`riqlash xizmati boshlig`ining aytishicha, Botir Qodirov saroyda yo`l qo`ygan bir qancha tartiblarni buzganligi sabab jarimaga ham tortilgan. Aynan qanday tartibbuzarliklar uchun jarimaga tortilganini “Darakchi” gazetasining yangi sonida o`qishingiz mumkin.
Ma`lum bo`lishicha, saroyda qaysidir jurnalist xonanda ruxsatisiz kitob savdosini yo`lga qo`ygan, aynan mana shu sababli xonanda jurnalistlarga cheklov qo`ygan bo`lishi mumkin, degan tahminlar mavjud.
Yuqorida ochiq qolgan savollar hamda ana shu tahminlarga chek qo`yish maqsadida surishtiruv o`tkazildi, barcha tafsilotlarni “Darakchi” gazetasining 3 dekabr kuni sotuvga chiqadigan sonidan o`qib olishingiz mumkin.
O`TKAZIB YuBORMANG!





