Chivinlarning koronavirusning tashuvchilari bo`lishi mumkinligi borasida olib borilgan tadqiqot natijalariga ko`ra, bu hasharotlar kasallangan odamdan boshqa odamga COVID-19 ni tashib yurmaydi.
“Ilmiy xabarlar” jurnalida chop etilgan ushbu tadqiqotda aniqlanishicha, tabiatda ko`p uchraydigan uchta chivinlarning organizmida koronavirus ko`paya olmaydi. Shuning uchun chivinlar COVID-19 bilan kasallangan odamni chaqqanda ham u kasallikni boshqa odamlarga yuqtirmaydi.
“Biz shuni ko`rsatib berdikki, koronavirus ushbu chivinlar organizmida ko`paya olish qobiliyatiga ega emas va aynan shu sabab chivin infeksiyaga chalingan bemorning tanasidan qon so`rib olganda ham virusni boshqa odamlarga tashimaydi” deb yozgan ushbu tadqiqot mualliflari.
Ushbu tadqiqot Jahon Sog`liqni Saqlash Tashkilotining chivinlar virus tashuvchilari emas, degan bayonotini tasdiqladi.
“Koronavirus chivin chaqishi orqali yuqmaydi” degan edi JSST.
“JSST chivinlar virusni tashib yurmasligini ta`kidlagandi. Bizning tadqiqotimiz esa ushbu ma`lumotni tasdiqlagan birinchi ilmiy izlanish bo`ldi” deydi mazkur tadqiqotda qatnashgan AQShlik olim Stefen Higgs.
Koronavirusni hayvonlar tashib yurishi yoki unday emasligi hamon mavhumligicha qolmoqda. Koronavirusning kelib chiqishi borasidagi nazariyalardan biri ham hayvonlarga bog`langan bo`lib, bu pandemiyaning manbayi Xitoyning Uhan shahridagi yovvoyi hayvonlar bozoridan sotib olingan ko`rshapalak bo`lganligi haqida fikrlar mavjud.
Shuningdek, yo`lbarslar, mushuklar va itlar orqali ham koronavirus tarqalayotgani haqida ham xabarlar bor. Ammo, odamlar orasida koronavirus tarqalishing umumiy hisobida bu hayvonlar orqali kasallikni yuqtirib olganlar soni juda ham kam miqdorni tashkil qiladi.






