AsosiyDunyo

Afg`onistonlik qiz ota-onasini o`ldirgan Tolibon janchilarini otib tashladi

'Afg`onistonlik qiz ota-onasini o`ldirgan Tolibon janchilarini otib tashladi'ning rasmi

Afg`onistonlik Qamar Gul ismli o`smir qiz Tolibonning ikkita jangchisini otib o`ldirdi va yana bir necha kishini yaraladi. Bu haqda tarjumon.uz xabar berdi.

Bunga ushbu jangarilarning Qamar Gulning ota-onasini uylaridan sudrab chiqib, ularni o`ldirgani sabab bo`ldi.

Ushbu voqea Gor provinsiyasida joylashgan qishloqlardan birida o`tgan haftada sodir bo`ldi. Mahalliy polisiya rahbari Habiburahmon Malakzodaning so`zlariga ko`ra, Tolibon janchilari qishloqning rahbarini izlab kelishgan. Qishloq rahbari esa Qamar Gulning otasi edi. Qizning otasi Afg`oniston hukumatini qo`llab-quvvatlagan. Aynan shuning uchun Tolibon vakillari uni uyidan sudrab olib chiqishgan va o`ldirishgan. Bunga qarshilik qilgan qishloq rahbarining xotini ham o`ldirilgan.

“Ushbu voqea paytida uy ichida bo`lgan Qamar Gul AK-47 miltig`ini olib ota-onasini o`ldirgan Tolibonning ikki jangarisini otib o`ldirgan va ularning yana bir qanchasini yarador qilgan” deydi Malakzoda.

Rasmiylarning biri Qamar Gul 14 yoshda degan bo`lsa, boshqasi esa uning 16 yoshda ekanligini ta`kidlagan. Chunki, Afg`onistonda ko`plab odamlar o`zlarining yoshlari aniq nechchida ekanligini bilmasliklari odatiy hol hisoblanadi.

Ushbu hodisadan so`ng Tolibonning bir qancha jangchilari Qamar Gulga hujum qilish uchun uning uyiga yana kelishdi. Lekin, qishloqdagi ba`zi odamlar va hukumat harbiylari otishmalar uyushtirib, ularni haydab yuborishgan.

Shundan keyin Afg`oniston xavfsizlik kuchlari Qamar Gul va uning ukasini xavfsiz joyga olib ketishdi, deya xabar berdi Gor provinsiyasi hokimining matbuot vakili Muhammada Orif Aber.

Ma`lumot uchun, Tolibon Afg`oniston hukumati va xavfsizlik kuchlariga xabar etkazib turishda gumonlangan odamlarni muntazam ravishda o`ldirib keladi.

 

    Boshqa yangiliklar