ShHT Bosh kotibi Vladimir Norovning ta`kidlashicha, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar mintaqa maydonida epidemiyalar xavfiga qarshi kurashish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini qabul qilishni rejalashtirgan.
"Obro`li ekspertlar fikriga ko`ra, vaziyat beqarorligicha qolmoqda va umuman epidemiya holati yomonlashgan holda virusning qayta tarqalish xavfi saqlanib qolmoqda. Shubhasiz, ushbu omillar ShHTning yangi tahdidlarga qarshi chora-tadbirlar qo`llashida tezkorlikni talab qiladi, jumladan, sog`liqni saqlash sohasida hamkorlik mexanizmlarining samarali ishlashi uchun huquqiy bazani va algoritmni takomillashtirish zarur", - dedi Norov ShHTga a`zo mamlakatlar sog`liqni saqlash vazirlarining uchinchi videokonferens aloqa shaklidagi yig`ilishida qilgan chiqishi davomida.
Norovga ko`ra, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlarning Sankt-Peterburg shahrida bo`lib o`tayotgan sammitida tashkilot a`zo-davlatlarning mintaqadagi epidemiyalar xavfiga qarshi kurashish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini qabul qilish rejalashtirilgan.
"Davom etayotgan koronavirus pandemiyasi xavfining jiddiyligini inobatga olgan holda, birgalikda olib boriladigan sa`y-harakatlar va o`zaro yordam ushbu favqulodda vaziyatni muvaffaqiyatli bartaraf etish va epidemiya tarqalishini to`xtatish uchun o`ta muhim ahamiyat kasb etmoqda" - dedi u.
Butunjahon sog`liqni saqlash tashkiloti 11 mart kuni yangi turdagi COVID-19 koronavirus infeksiyasining keng tarqalishini pandemiya deb e`lon qilgan edi. BSST taqdim etgan so`nggi ma`lumotlarga ko`ra, dunyoda 15 milliondan ziyod bemorlanish holatlari qayd etilgan, 650 mingdan ziyod odam vafot etgan.






