Musa Erniyazovning o`limi haqidagi feyk xabardan keyin Qoraqalpog`istonda faoliyati yuritadigan ayrim jurnalistlar prokuraturaga olib ketilgandi. Qoraqalpog`iston prokuraturasi ushbu holatga izoh bildirdi. AOKA direktori birinchi o`rinbosari Dilshod Saidjonov esa prokuratura ustidan yuqori organlarga murojaat yuborgan.
25 iyul kuni Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesiga ko`p yillardan buyon raislik qilib kelayotgan Musa Tajetdinovich Erniyazovning o`limi to`g`risida xabarlar tarqaldi. Tez orada bu xabarlarning dastlabki manbasi sifatida ko`rsatilgan repost.uz sayti ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida sayt xakerlar hujumiga uchraganini ma`lum qildi va raisning 20 iyul kuni vafot etgani haqidagi bu xabar rad etildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda esa Qoraqalpog`istondagi mahalliy saytlar xodimlari Qoraqalpog`iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan tungi soat 01:00lar atrofida olib ketilgani aytildi.
Ma`lum qilinishicha, Makan.uz (Lalagul Kallixanova), KRuz.uz (Iskander Yusupov) va Kar24.uz (Kumar Begniyazova) vakillarining telefon va noutbuklari olib qo`yilgan, bu xodimlar tungi soat 3:00 atrofida uyga yuborilgan.
Qoraqalpog`iston prokuraturasi M.Erniyazov shaxsiga taalluqli noto`g`ri ma`lumotlar tarqatilishi holati bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida surishtiruv ishlari olib borilayotganini ma`lum qilib, profilaktik suhbat o`tkazilganini bildirgan. Suhbatlardan maqsad «bunday uydirma xabarlar kim tomonidan tarqatilganini aniqlash» bo`lgan.
Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi rahbari Dilshod Saidjonovning bildirishicha, agentlik o`z vakolati doirasida ushbu vaziyatni o`rganib chiqib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga yozma murojaat yubordi.
«Mazkur murojaatda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 10, 14-moddalari, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat-prosessual kodeksining 88-moddasi talablarini chetlab o`tishgani alohida qayd etilib, jurnalistlarni so`roq qilish zarurati paydo bo`lganda JPKning 97-moddasiga asosan dastlab chaqiruv qog`ozi yuborish tartibotiga amal qilish so`raldi», deb yozadi Saidjonov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Ta`kidlanishicha, Repost.uz saytining ham xakerlar hujumiga uchraganligi alohida o`rganilmoqda.
«Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi qonunining 7-moddasida OAV o`zi tarqatayotgan axborotning haqqoniyligi uchun axborot manbai va muallifi bilan birgalikda javobgar ekani belgilangan. Shuning uchun Agentlik feyk xabar tarqatgan OAVlarga tegishli taqdimnomalar jo`natgani bildirildi.
«Jurnalistlarga nisbatan o`tkaziladigan har qanday tazyiq yoki bosim O`zbekiston Prezidenti tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosati hamda so`z erkinligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga mutlaqo to`g`ri kelmaydi. Yuqoridagi kabi holatlarning sodir bo`lishi O`zbekistonning xalqaro imijiga putur etkazishi hamda davlat organlariga nisbatan ishonchsiz munosabatlar vujudga kelishiga ham sabab bo`lishi mumkin. Shuning uchun, davlat organlari ham, OAV va blogerlar ham axborot sohasidagi qonunchilikka bo`ysunishi shart, tomonlar o`rtasida paydo bo`ladigan har qanday nizoli vaziyat mavjud qonunlar, shuningdek, sud tizimi doirasida hal qilinishi zarur», - deya qo`shimcha qilgan Saidjonov.






