Avval xabar qilinganidek, “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida” Prezident Farmoni qabul qilindi.
Unga ko`ra, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo`limlari tashkil etildi.
Shu munosabat bilan Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va ularning hududiy bo`linmalari tugatildi.
Sanitariya-epidemiologiya xizmatining tibbiyot, sanitariya-epidemiologik va boshqa xodimlariga koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb etilgan davrda ularning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo`shimcha to`lovlar to`lanadi.
2021 yil 1 yanvardan boshlab Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarining amaldagi oylik ish haqlariga qo`shimcha ravishda Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega bo`lganda lavozim maoshiga – 30 foiz, fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga ega bo`lganda – 60 foiz har oylik ustamalar belgilanadi.
Sanitariya-epidemiologiya xizmati Davlat byudjetidan tizimga ajratilgan mablag`lar, ularning sarflanish yo`nalishlari, samaradorlik natijalari yuzasidan ma`lumotlarni har oy yakuni bo`yicha jamoatchilikka e`lon qiladi va o`zining rasmiy veb-saytida joylashtirib boradi.
Farmon bilan shuningdek, Sanitariya-epidemiologiya xizmatining byudjetdan tashqari Maxsus jamg`armasi tashkil etildi.
Farmon bilan joriy etilgan boshqa yangi tartiblar:
Endi koronavirusga tahlil natijalari haqida 3 kunda telefon orqali xabar beriladi
Bemorlarni saralash, evakuasiya qilish, davolash jarayonini monitoring qilish guruhlari tuziladi