1

Shavkat Mirziyoev: kasallarni davolashga ham, iqtisodiyotni ishlatishga ham majbur va mas`ulmiz

Siyosat 28.07.2020, 20:56
Shavkat Mirziyoev: kasallarni davolashga ham, iqtisodiyotni ishlatishga ham majbur va mas`ulmiz

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 28 iyul kuni hududlarda koronavirus bilan bog`liq murakkab vaziyatni tartibga solish bo`yicha ko`rilayotgan choralar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.

Butun dunyoda COVID-19 tarqalishi hamon davom etmoqda. Mamlakatimizda oxirgi besh kunda infeksiya yuqtirganlar soni 3 mingtaga ko`payib, 21 ming 700 nafarga etdi.

Jumladan, Toshkent viloyatida 347 ta, Qashqadaryoda 193 ta, Surxondaryoda 130 ta, Samarqandda 123 ta, Sirdaryoda 83 ta, Andijonda 79 ta yangi kasallanganlar aniqlangan. Buxoro, Farg`ona, Samarqand, Namangan, Toshkent, Xorazm viloyatlarida va Qoraqalpog`istonda pnevmoniya holatlari ancha ko`paygan.

Ma`lumki, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq, yurtimizda karantin talablari muddati 15 avgustgacha uzaytirildi. Shu bilan birga, hozirgi vaziyat pandemiyaga qarshi kurash ishlarini yanada kuchaytirishni talab etmoqda.

Yig`ilishda bu borada hududlarda dolzarb bo`lib turgan masalalar ko`rib chiqilib, qo`shimcha vazifalar belgilandi.

Respublika maxsus komissiyasiga joylardagi epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirish va kasallarni davolashga amaliy yordam beradigan guruhlar tuzib, har bir hududga yuborish bo`yicha ko`rsatma berildi.

Ushbu guruhlarga mutasaddi idoralar, ixtisoslashgan tibbiyot markazlari hamda tibbiyot oliy o`quv yurtlari rahbar va mutaxassislari, shuningdek, nafaqadagi tajribali shifokorlar jalb etiladi. Bu hududlarda aholiga erta va aniq tashxis qo`yish, bemorlarni kasallik darajasiga qarab to`g`ri va malakali davolashda muhim omil bo`ladi.

Hokimliklarga koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonalar tashkil etish, intensiv va reanimasiya o`rinlarini ko`paytirish, ularni zarur tibbiy jihozlar va dori-darmon bilan ta`minlash vazifasi qo`yildi. Toshkent shahridagi tajriba asosida COVID-19 va pnevmoniya bilan kasallanganlarga dastlabki malakali tibbiy yordam ko`rsatadigan “maxsus poliklinikalar” tashkil etish zarurligi ta`kidlandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1