Prezident Shavkat Mirziyoev O`zbekiston xalqini Qurbon hayiti bayrami bilan tabrikladi.
Qadrli vatandoshlar!
Butun islom olami qatorida dinu diyonatli, e`tiqodi mustahkam xalqimiz katta intiqlik bilan kutib olayotgan muborak Qurbon hayiti bilan siz azizlarni, yurtimizdagi barcha musulmon ummatini chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Ko`hna tariximiz davomida yurtimizning ma`naviy hayotida beqiyos o`rin egallab, jamiyatimizda o`zaro hurmat, mehr-oqibat va bag`rikenglik tamoyillarini har tomonlama barqaror etib kelayotgan bu qutlug` bayram barchamizga muborak bo`lsin!
Ushbu muqaddas ayyomda sizlarga, butun el-yurtimizga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat tilayman.
Dunyo davlatlari qatori mamlakatimizni ham chetlab o`tmagan og`ir sinov – koronavirus pandemiyasi sharoitida biz Qurbon hayitining jamiyatimiz hayotidagi beqiyos o`rni va ulkan ahamiyatini yanada chuqur his etmoqdamiz.
Ayniqsa, bu qutlug` bayramning mohiyatida mujassam bo`lgan ezgu va savob ishlar qilib yashash, o`zaro yordam, mehr-saxovat, sabru qanoat, shukronalik, tinchlik va sog`likni qadrlashdek ulug` fazilatlar bugun alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Shu ma`noda, aynan mana shunday muqaddas qadriyatlarimiz bugungi murakkab vaziyatda el-yurtimizga qo`shimcha kuch-g`ayrat, chidam va bardosh ato etmoqda, desak, to`g`ri bo`ladi.
Davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan ko`rilayotgan barcha chora-tadbirlarga qaramasdan, ming afsuski, yurtdoshlarimiz orasida ushbu kasallikdan vafot etganlar ham bo`ldi. Ularning oila a`zolari va yaqinlariga chin qalbimdan hamdardlik bildirib, barchalariga sabr-bardosh tilayman, marhumlarning oxiratlari obod bo`lishini Yaratgandan so`rab qolaman.
Albatta, pandemiya tufayli ommaviy tadbirlarni, jumladan, Qurbon hayiti bilan bog`liq marosimlarni jamoat bo`lib ado etishda ayrim cheklovlar vujudga kelganini mavjud vaziyat taqozosi sifatida barchamiz yaxshi tushunamiz.
Muqaddas Qur`oni karimning bir necha o`rinlarida xayr-ehson, ezgulikning mukofoti faqat yaxshilik ekani alohida ta`kidlangan. Bu kabi purma`no hikmatlar bugungi sinovli kunlarda jamiyatimizda mehr-oqibat, saxovat va muruvvat, o`zaro totuvlik, ahillik
va hamjihatlik muhitining tobora yuksalib borishida aks etmoqda.
Darhaqiqat, ushbu og`ir sinov damlarida Alloh taoloning o`zi ezgu va savob amallar uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochib bermoqda. Xususan, pandemiya tufayli ishidan, doimiy daromad manbaidan uzilib qolgan, yordamga muhtoj insonlarga ko`mak berishni yurtdoshlarimiz o`zlarining insoniy burchi, deb qabul qilayotgani tahsinga loyiqdir. Zero, muqaddas hadislarda keltirilganidek, haqiqiy musulmon o`ziga ravo ko`rganini birodariga ham ravo ko`radi.
Ayniqsa, halol mehnati orqasidan jamg`argan mablag`ini qarindosh-urug`lari, mahalladoshi yoki yurtdoshining og`irini engil qilish uchun xolis niyat bilan hadya etgan, mehr-oqibatli, insof-diyonatli va jonkuyar insonlarga Yaratganning o`zi ajru mukofotini beradi, albatta.
Ana shunday olijanob yurtdoshlarimizning sa`y-harakatlari tufayli mamlakatimizda tashkil etilgan “Saxovat va ko`mak” umumxalq harakati bugungi kunda tom ma`noda qudratli kuchga aylandi.
O`tgan qisqa vaqt davomida ushbu Harakat doirasida amalga oshirilgan ulkan hajmdagi xayriya tadbirlari va mehr-muruvvat amallari ham shundan yaqqol dalolat beradi.
Ana shu ezgu ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida hamda pandemiya davrida doimiy daromad manbaiga ega bo`lmagan, kam ta`minlangan, yordam va ko`makka muhtoj aholi qatlamlarini va oilalarni hamda iqtisodiyotni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish maqsadida avval ajratilgan
10 trillion so`m mablag`ga qo`shimcha ravishda bugun men imzolagan Farmonga muvofiq, respublika byudjetidan yana qariyb 2,5 trillion so`m mablag` yo`naltirish belgilandi.
Shu bilan birga, jamiyatimizda tinchlik, do`stlik, mehr-oqibat va hamjihatlik g`oyalarini keng targ`ib etib kelayotgan diniy sohada xizmat qilayotgan vakillarni moddiy rag`batlantirish hamda joylarda xayru saxovat, muruvvat borasida amalga oshirilayotgan ishlarni, jaholatga qarshi – ma`rifat ruhidagi keng qamrovli tadbirlarni yangi bosqichga ko`tarish uchun O`zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 150 milliard so`m mablag` ajratildi.
Aziz yurtdoshlar!
Biz orzu-niyatlari pok va ulug` xalqmiz. Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hazratlarining: “Murodi ko`pning Haqqa itoati ham ko`p bo`ladi”, degan so`zlarida teran ma`no mujassam.
Er yuziga Allohning rahmati yog`ilib turgan ushbu saodatli ayyomda dunyoning olis-yaqin mamlakatlaridagi barcha mo`min-musulmon birodarlarimizni, xorijiy do`st va hamkorlarimizni ham Qurbon hayiti bilan qizg`in tabriklab, ularga mustahkam tinchlik, bardavom taraqqiyot tilayman.
Siz, aziz va muhtaram vatandoshlarimizni Qurbon hayiti bilan yana bir bor chin qalbimdan muborakbod etaman.
Barcha pok niyatlarimiz ijobat bo`lishini, Yaratganning o`zi yurtimizni turli balo-qazolardan asrashini, birdamlik, do`stlik va ahillik tuyg`ularimiz yanada ziyoda bo`lishini so`rab qolaman.
Jonajon Vatanimiz, xonadonlarimizdan tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka hech qachon arimasin!
Ezgu intilish va ishlarimizda Alloh taolo hamisha madadkor bo`lsin!
Shavkat Mirziyoev,
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti






