AsosiyJamiyat

Maxsus charter reys bilan Nyu-Yorkdan vatandoshlar olib kelindi

'Maxsus charter reys bilan Nyu-Yorkdan vatandoshlar olib kelindi'ning rasmi

Bugun barcha musulmonlar uchun muqaddas bayram – Qurbon hayitning birinchi kunida Amerika va Kanadadan bir guruh vatandoshlar maxsus reys bilan olib kelindi. Bu haqda O`zbekistonning AQShdagi elchixonasi Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Nyu-Yorkdan parvoz qilgan samolyot Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportga kelib qo`ndi. Amerika Qo`shma Shtatlaridagi diplomatik vakolatxona ma`lumotiga ko`ra, davlatimiz rahbarining pandemiya davrida chet eldagi yurtdoshlarimizni vatanga qaytarish to`g`risidagi qaroriga binoan, «Uzbekistan Airways» aksiyadorlik jamiyati tomonidan maxsus charter reyslar tashkil etilmoqda.

So`nggi to`rtinchi maxsus reys bilan O`zbekistonga jami 256 nafar yo`lovchi (4 nafari chaqaloq) olib kelindi. Shundan 238 nafari O`zbekiston fuqarosi, 18 nafar esa amerikalik diplomat va ularning oila a`zolaridir.


Respublika maxsus komissiyasi joriy qilgan tartibga ko`ra, maxsus reys yo`lovchilari karantin markazlari yoki o`z tanlovlariga ko`ra mehmonxonalarda 10 kunlik karantinda bo`lishadi. Ayni paytda yo`lovchilarning salomatligi bilan bog`liq muammo yo`q.

Qayd etish joiz, O`zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasida tashkil etilgan Tezkor shtabga mart oyidan buyon Amerika qit`asidagi mamlakatlarda qiyin vaziyatga tushib qolgan O`zbekiston fuqarolaridan jami 1 ming 881 ta murojaat kelib tushgan. Ularni vatanga qaytarish uchun iyun oyidan shu kunga qadar «Uzbekistan Airways» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Nyu-York – Toshkent yo`nalishida tashkil qilingan maxsus charter reyslarda 1 ming 26 nafar inson O`zbekistonga qaytarilgan.

Vakolatxona xabar berishicha, 31 iyul holatiga ko`ra, yana 815 kishi O`zbekistonga qaytish istagida. Mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi Bosh konsulligi fuqarolarimiz bilan doimiy aloqada bo`lib turibdi. Keyingi charter reyslarda uyga qaytishni istagan yo`lovchilar ro`yxatini shakllantirish ishlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston hukumatining qarori bilan 16 martdan boshlab barcha xalqaro reyslar, shu jumladan, «Toshkent-Nyu-York-Toshkent» yo`nalishida muntazam yo`lovchi qatnovlari to`xtatilgan.

O`zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi konsullik idoralari vatandoshlarimizdan pandemiya paytida yuzaga kelgan vaziyatni to`g`ri tushunishlarini so`raydi. AQSh, Kanada va Amerika qit`asining boshqa shtatlarida istiqomat qiluvchi fuqarolarga yashash uchun ruxsatnoma asosida va O`zbekistonga safar qilishni rejalashtirganlarga safarni epidemiologik vaziyat normallashgunga qadar ortga surishlarini tavsiya qiladi. Agar buning iloji bo`lmasa, fuqarolar AQShdan O`zbekistonga keyingi charter reyslar uchun shakllantirilayotgan yo`lovchilar ro`yxatiga kiritilishi uchun elchixona yoki Bosh konsullikka murojaat qilishlari zarur.

 

    Boshqa yangiliklar