AsosiyJamiyat

6 oyda og`ir tan jarohati etkazish jinoyatlarining 76 tasi oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilgan

'6 oyda og`ir tan jarohati etkazish jinoyatlarining 76 tasi oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilgan'ning rasmi

30 iyul kuni Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi majlisida Ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to`g`risidagi 2020 yil 6 oyi yakuni bo`yicha axboroti dastlabki tarzda eshitildi. 

Mazkur masala parlament yuqori palatasining navbatdagi yalpi majlisida ko`rib chiqilishi nazarda tutilgan.

Ta`kidlanganidek, sohada amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida umumiy jinoyatlarning 20 497 tasi yoki 95,2 foizi fosh etilgan. Tergov organlari qidiruvida bo`lgan 1 051 nafar shaxs ushlangan va 261 nafar bedarak yo`qolganlar topilgan.

Ichki ishlar organlari tashabbusi bilan 4 158 ta jinoyat aniqlangan. Respublikadagi jami 9 145 ta mahallaning 66,3 foizida yoki 6 061 tasida jinoyat sodir etilishiga yo`l qo`yilmagan.

Shu bilan birga, majlisda o`tkazilgan o`rganishlar ichki ishlar organlari faoliyatida muayyan kamchiliklar, echimini kutayotgan muammolar va to`liq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini ko`rsatayotganligi qayd etildi.

Xususan, joriy yilning 6 oyida respublika miqyosida 21 535 ta jinoyat qayd etilgan bo`lib, 100 ming aholiga nisbatan o`rtacha 63,3 tadan to`g`ri kelgan.

Oilalardagi notinchlik, nizolarning o`z vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilikning e`tiboridan chetda qolganligi oqibatida o`ta og`ir jinoyatlar sodir etilmoqda.

Jumladan, 2020 yilning 6 oyi davomida qayd etilgan qotillik jinoyatlarning har uchinchisi, og`ir tan jarohati etkazish jinoyatlarining 76 tasi oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilgan.

Shu bilan birga, oilaviy nizolarga o`z vaqtida barham berilmaganligi oqibatida 5 940 ta oila-turmush munosabatlari doirasidagi huquqbuzarliklar sodir etilib, ularning aksariyati, ya`ni 52,6 foizi Toshkent, Buxoro, Navoiy  va Farg`ona viloyatlari hissasiga to`g`ri keladi.

Shuningdek, majlisda Ichki ishlar vazirining axboroti hududlardagi senatorlar va mahalliy Kengashlar deputatlari tomonidan ham muhokama etildi.

    Boshqa yangiliklar