Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining "Uzbekistan Research Online" platformasida chop etilgan ingliz tilidagi maqolalar xorijiy ilmiy nashrlarda e`lon qilingan maqolalarga tenglashtirilishi ma`lum qilindi.
Endilikda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi hamda Niderlandiyaning «Elsevier» kompaniyasi hamkorligida 2018 yildan amalga oshirilayotgan “Ilm-fan – 2020” dasturi doirasida ishlab chiqilgan "Uzbekistan Research Online" raqamli platformasidagi jurnallarda ingliz tilida e`lon qilingan maqolalar xorijiy ilmiy nashrlarda chop etilgan ilmiy maqolalarga tenglashtirildi.
Bu bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestasiya komissiyasi Rayosatining 2020 yil 30 iyuldagi qarori qabul qilindi.
Endi “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari ro`yxatida”gi fan tarmoqlari bo`yicha Digital Commons platformasi negizidagi "Uzbekistan Research Online" raqamli platformasiga kiritilgan respublika oliy ta`lim muassasalarining 41 ta jurnalida etakchi xorijiy olim-mutaxassislar taqrizidan o`tkazilgan holda ingliz tilida chop etilgan maqolalar dissertasiyalar asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan xorijiy ilmiy nashrlarda e`lon qilingan ilmiy maqolalarga tenglashtiriladi.
Mazkur imkoniyat yurtimiz yosh olimlari va tadqiqotchilari o`z ilmiy ishlari natijalarini e`lon qilishda yillar davomida to`qnash kelgan qiyinchiliklarni bartaraf etadi hamda OTMlar ilmiy salohiyatini oshirishga hissa qo`shadi, respublikamiz ilm-fan yutuqlarini jahon ilmiy hamjamiyatiga taqdim etish va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
"Uzbekistan Research Online" platformasida yurtimiz OTMlarining 41 ta ilmiy jurnali birlashtirilgan bo`lib, unda ikki marta anonim resenziyadan o`tkazish (double-blind peer review) konfigurasiyasini qo`llash imkoni mavjud va xalqaro standartlarga javob beradi.






