Qashqadaryo viloyatida maxsus komissiya ko`rsatmalariga muvofiq karantin chora-tadbirlari yumshatilayotgani haqida avval xabar bergan edik.
"ZOOM" dasturi orqali o`tkazilgan viloyat maxsus komissiyasi yig`ilishida Zoyir Mirzaev yana bir bor aholi va mas`ullarga quyidagicha murojaat qildi:
"Hurmatli vohadoshlar, sektor va tashkilot rahbarlari! Barchangizga ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev rahbarligida joriy yil 8 iyul sanasida o`tkazilgan videoselektor yig`ilishda ta`kidlanganidek, bu juda murakkab sinov va og`ir kurashda ko`p narsa o`zimizga, aql bilan olib boradigan harakatimizga, sabr-toqatimizga, temir intizom bilan qat`iyat va jipslikda ish ko`rishimizga bog`liq. Lekin, ming afsuski, aholi o`rtasida ko`pchilik mana shu talablarga to`la amal qilmayapti.
Shunday ekan, aholi ehtiyojlarini qondirish yoki iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida qabul qilinayotgan bugungi yumshatish choralari "hammasi ortda qoldi", degani emas!
Hurmatli rahbarlar! Xodimlaringizning karantin qoidalari talablari asosida ishlashiga sharoit yaratib bering.
Aziz vohadoshlar! Uyda qoling, maqsadsiz ko`chaga chiqmang, o`zingizni va oilangizni asrang".






