Barchaga ma`lum, Davlat xizmatlari agentligi o`z faoliyatini avvalambor davlat xizmatlarini olish aholi uchun sodda va qulay bo`lishiga qaratmoqda. Arxitektura va qurilish sohasida davlat xizmatlari ko`rsatishning tartib-taomillari murakkab va foydalanish uchun qiyin bo`lib qolgan, ayrim hollarda esa korrupsiya va byurokratiya holatlariga olib kelgan.
Qurilishda nima gap?
Qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish uchun tuman (shahar) xokimliklariga murojaat qilish kerak bo`lgan.
Shu bilan birga Davlat xizmatlarini ko`rsatish jarayonidagi ishtirokchilar o`rtasida (mahalla fuqarolari yig`ini, muhandislik tashkilotlari, qurilish bo`limi, sanitariya-epidemiologik, yong`in xavfsizligi, ekologiya va boshqa organlar) qog`oz hujjatlar almashinuvi o`zi kelgan holda amalga oshirilib kelingan. Bu esa jarayonni ancha sustlashtirib, xizmat ko`rsatish muddati oshishiga sabab bo`layotgan edi.
Hozirgi kunda DXA tashabbusi bilan Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi. Unga ko`ra, qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish va davlat ro`yxatidan o`tkazish uchun bir vaqtning o`zida murojaat qilinib 9 ish kuni mobaynida QR-qo`yilgan dalolatnoma hamda reestrdan ko`chirmani olishlari mumkin.
Sohani nima kutmoqda?
Tez vaqtda arxitektura qurilishi sohalari yanada takomillashtirilishi kutilmoqda.
Masalan:
- bino va inshoot tashqi ko`rinishini o`zgartirishni kelishish vakolatini hududiy boshqarmalardan tuman qurilish bo`limlariga berish;
- kadastr pasporti, ob`ektni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi, ko`chmas mulk davlat ro`yxatidan o`tkazilganligi to`g`risidagi reestrdan ko`chirmani Davlat xizmatlari markazlari va my.gov.uz portaliga murojaat qilib bir vaqtda olinishi;
- qurilishga ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirishda vakolatli organlar tomonidan belgilangan muddatlarda ruxsatnomalarni rasmiylashtirmasa «Sukut – alomati rizo» tamoyiliga ko`ra tizimda avtomatik tarzda ruxsatnoma shakllanib ariza beruvchiga yuborilishi rejalashtirilgan.
Huquqbuzarliklarga jazo muqarrarmi?
Ushbu sohani yaxshilash uchun talaygina ishlar amalga oshirilmoqda, biroq qonun buzilish holatlari hali-hanuz uchrab turibdi.
DXA esa nafaqat xizmatlar olish tartibini soddalashtiradi, balki aholi manfaatlarini himoya qilish, shu bilan birgalikda davlat xizmatlari ko`rsatish sohasida huquqbuzarliklar sodir bo`lganda o`z vaqtida tegishli choralarni ko`rib borishni ham o`z oldiga qo`yilgan asosiy vazifalardan hisoblaydi.
Agentlik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan joriy yilning bugungi kuniga qadar qurilish organlari tomonidan davlat xizmatlarini ko`rsatishda 2 137 ta qonun buzilish holatlari aniqlandi.
Shundan, 1900 ta holatda muddat buzilgan bo`lsa, 2 ta ortiqcha hujjat talab qilish, 5 ta holatda to`g`ridan-to`g`ri davlat xizmati ko`rsatilgan, 159 ta holatda murojaat asossiz ravishda rad qilingan, 3 ta holatda vakolatli idoraning qonuniy talabi bajarilmagan va 68 ta holatda boshqa qonun buzilishiga yo`l qo`yilgan.
Aniqlangan qonun buzilishi holatlari bo`yicha vakolatli idoralarga taqdimnoma, ogohnomalar kiritish bilan bir qatorda, aybdor shaxslarga nisbatan ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ma`muriy bayonnomalar ham rasmiylashtirildi.
Natijada 146 nafar shaxs ma`muriy, 22 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi.
Misol uchun, Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi “BARAKAT GREENHOUSE” MChJning arxitektura-rejalashtirish topshirig`ini ishlab chiqish to`g`risidagi arizasi Samarqand viloyat qurilish bosh boshqarmasi mas`ul xodimi N.M tomonidan asossiz rad etilganligi sababli O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 215(5)-moddasiga asosan ma`muriy jarima jazo chorasi qo`llanildi.
Shuningdek, Jizzax viloyati G`allaorol tumanida yashovchi fuqaro B.N. ning yakka tartibdagi uy-joy qurishga (rekonstruksiya qilish) loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo`yicha arizasi Qurilish bo`limi boshlig`i J.Q tomonidan belgilangan tartib buzilgan holda asossiz rad etilganligi sababli O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 215(5)-moddasiga asosan ma`muriy jarima jazo chorasi qo`llanildi.






