O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining yigirma uch yilligi munosabati bilan amnistiya to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qarori e`lon qilindi.
O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining yigirma uch yilligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga muvofiq, insonparvarlik tamoyiliga amal qilib, O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 80-moddasi 10-bandiga va 93-moddasi 23-bandiga asosan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati QAROR QILADI:
1. Quyidagi mahkumlar:
a) ayollar;
b) jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to`lmagan shaxslar;
v) 60 yoshdan oshgan erkaklar;
g) chet davlatlar fuqarolari;
d) I va II guruh nogironlari, shuningdek ushbu Qaror kuchga kirgunga qadar bir yil ichida qonunda belgilangan tartibda jazoni o`tashga to`sqinlik qiladigan og`ir kasalliklarga chalingan, deb topilgan shaxslar jazodan ozod qilinsin.
2. Ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaxslar, shuningdek ijtimoiy xavfi katta bo`lmagan yoki uncha og`ir bo`lmagan jinoyatlarni qasddan sodir etganligi uchun birinchi marta hukm qilingan shaxslar jazodan ozod qilinsin.
3. Ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, o`talmay qolgan jazo muddati ikki yil-u olti oydan ko`p bo`lmagan, hukmi ushbu Qaror e`lon qilingan kunga qadar qonuniy kuchga kirgan mahkumlar jazodan ozod qilinsin.
4. Ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, ushbu Qaror e`lon qilingan kunda o`talmay qolgan jazo muddati uch yil-u olti oydan kam bo`lgan shaxslar manzil-koloniyalarga o`tkazilsin.
5. Ushbu Qarorning 1-bandida qayd etilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar to`g`risidagi barcha ishlar tugatilsin.
6. Ushbu Qarorning:
a) amal qilishi – uzoq muddatga yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan; o`ta xavfli residivist deb topilgan; taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etgan; jinoiy uyushma tarkibida jinoyat sodir etgan; jazoni o`tash tartibini muntazam ravishda buzayotgan; afv etish yoki amnistiya tartibida ilgari jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilingan va yana qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarga; shuningdek o`lim jazosi afv etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga almashtirilgan shaxslarga;
b) 1-bandi amal qilishi – O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi uchinchi qismi «d» bandida ko`rsatilgan, shuningdek o`ta og`ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga;
v) 3-bandi amal qilishi – O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasida va 104-moddasi uchinchi qismining «d» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga;
g) 1–3, 5-bandlari amal qilishi – O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167, 168-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etib, etkazilgan moddiy zararni to`liq qoplamagan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasin.
7. Ushbu Qarorga muvofiq asosiy jazodan ozod qilingan mahkumlar qo`shimcha jazolardan ozod qilinmaydi.
8. O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qo`mita va komissiyalari ushbu Qarorning qo`llanilishi ustidan jamoatchilik nazorati hamda Qarorning qo`llanish tartib-taomillarining ochiq-oshkora amalga oshirilishida senatorlar va deputatlar korpusining bevosita ishtirokini ta`minlasin.
9. Ushbu Qaror amalga oshirilishi uchun mas`uliyat O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklatilsin.
10. Ushbu Qaror e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi va uch oy ichida ijro etilishi lozim.





