AsosiyDunyo

O`zbekiston elchisi Hindiston davlat vaziri bilan muzokara o`tkazdi

'O`zbekiston elchisi Hindiston davlat vaziri bilan muzokara o`tkazdi'ning rasmi

O`zbekistonning Dehlidagi elchisi Dilshod Axatov Hindiston Kema tashuvlari vazirligi hamda Kimyoviy mahsulotlar va o`g`itlar vazirligining (tarkibiga farmasevtika sanoati ham kiradi) davlat vaziri Mansux Mandavi bilan uchrashuv o`tkazdi.

Uchrashuvda Hindiston tomoniga pandemiya oqibatlariga qarshi kurashish doirasida O`zbekistonga ko`rsatilgan tibbiy dori-darmon ko`rinishidagi insonparvarlik yordami uchun samimiy minnatdorlik bildirildi.

Mansux Mandavi xalqlarimiz o`rtasidagi tarixiy yaqinlik va mustahkam do`stlik, shuningdek, ikki mamlakat rahbarlari darajasida o`rnatilgan yuqori darajadagi aloqalar o`zaro munosabatlarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqqanini ta`kidladi.

U 2018 yil fevral oyida O`zbekistonga qilgan tashrifini iliq xotiralar bilan yodga oldi. Epidemiologik vaziyat barqarorlashgandan so`ng Hindistonning farmasevtika va kimyo sanoati rahbarlaridan iborat delegasiya tarkibida O`zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini ma`lum qildi.

Suhbat chog`ida farmasevtika va kimyo sohalarida O`zbekiston-Hindiston hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Davlat vaziri hind kompaniyalarining O`zbekistonga qiziqishi tobora ortib borayotganini, bu mamlakatimizda ishonchli sarmoyaviy muhit yaratilganidan dalolat berishini bildirdi. Respublikada yaratilgan qulay investisiya muhiti, qulay geografik joylashuv va ulkan resurslar, shuningdek MDHning ulkan bozori hind kompaniyalari uchun istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga rag`bat uyg`otmoqda.

Shuningdek, o`zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida O`zbekiston va Hindiston o`rtasida transport-logistika sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo`nalishlari yuzasidan fikr almashildi.

    Boshqa yangiliklar