O`zbekistonda 2020 yilning yanvar-iyun oylarida ishsizlik darajasi 13,2 foizni tashkil etdi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ma`lum qildi.
Joriy yilning iyun oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Respublika bandlik va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi tomonidan Xalqaro mehnat tashkiloti tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan metodika bo`yicha respublikaning 101ta shahar va tumanlarida navbatdagi ijtimoiy so`rov o`tkazildi. Unda 490 ta fuqarolarni o`zini-o`zi boshqarish organlari, 4,9 mingta uy xo`jaliklari hamda 25,9 ming nafar fuqaro qamrab olindi.
SOVID-19 pandemiyasi davrida koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olishga qaratilgan karantin chora-tadbirlari mehnat bozoriga sezilarli darajada ta`sir ko`rsatdi.
O`tkazilgan tadqiqot natijalari respublikada ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholining 13,2 foiz tashkil etganligini ko`rsatdi.
Bu ko`rsatkich 2019 yilning shu davrida 9,1 foizga teng bo`lgan. Ishga muhtoj bo`lganlarning umumiy soni 1944,0 ming kishini tashkil etadi
(16-30 yoshgacha bo`lganlar o`rtasida ishsizlik darajasi- 20,1 foiz, ayollar o`rtasida ishsizlik darajasi esa - 17,4 foiz).
Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra mehnat resurslari soni 19 084,6 ming kishini tashkil etib, 2019 yilning shu davriga nisbatan
0,6 foizga ko`paygan bo`lsa SOVID-19 pandemiyasiyaning iqtisodiyot sub`ektlari faoliyatiga salbiy ta`siri natijasida iqtisodiyot tarmoqlarida band bo`lganlar soni o`tgan yilning shu davriga nisbatan
5 foizga yoki 671 ming kishiga kamayib, 12 736,7ming kishini tashkil qildi.
Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarining rasmiy sektorda band bo`lgan aholi soni 5581,2 ming kishini tashkil qilib, o`tgan yil shu davrga nisbatan
0,2 foizga yoki 12,4 ming kishiga kamaydi.
Bunda koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olishga qaratilgan ayrim cheklov chora-tadbirlar sababli yakka tartibda tadbirkorlik bilan shug`ullanuvchilar soni o`tgan yilning shu davriga nisbatan 167,5 ming (46,4 foiz)ga kamayib ketganligi hisobiga yuzaga kelgan bo`lsa, 131,2 ming ishsizlarni haq to`lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish hisobiga rasmiy bandlar soni keskin kamayish oldi olindi.
Tadqiqot natijalariga ko`ra respublikadan tashqariga xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketganlar soni 2 040 ming kishini tashkil etgan, bu o`tgan yilning mos davriga nisbatan 553,2 ming, 2020 yilning
1-chorak yakuniga nisbatan esa 232,1 ming kishiga kamaygan.
Norasmiy sektorda band bo`lganlar soni (xorijda ishlayotgan mehnat migrantlarini hisobga olmaganda) o`tgan yilga nisbatan 2,1 foizga yoki
105,3 mingga kamayib, 5 114,6 ming kishini tashkil etmoqda. Bunda asosan vaqtinchalik bir martalik va mavsumiy ishlarni bajaruvchilar
(108,4 mingga kamaygan), mehnat munosabatlarini rasmiylashtirmasdan oilaviy korxonalarda va tadbirkorlarda ishlovchilar (87,6 ming), ro`yxatdan o`tmasdan va tegishli ruxsatnomasiz faoliyat ko`rsatayotgan tadbirkorlar (110,6 ming) soni kamaydi.
Shu bilan birga karantin chora-tadbirlari davrida uyda o`tirgan fuqarolar soni oshganligi hamda fuqarolarning shaxsiy tomorqalarni rivojlantirish uchun Bandlikka ko`maklashish jamg`armasidan subsidiyalar berish dasturi hajmi keskin ortganligi uchun dehqon va shaxsiy tomorqalarda band bo`lganlar soni 201,1 mingga ortgan.
Tadbirkorlik sub`ektlari va o`zini o`zi band qilgan fuqarolarga mehnat stajini hisobga olish va rag`batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi berilishi norasmiy sektorda bandlar ulushini kamaytirish imkoniyatini bermoqda.
Respublikada iqtisodiy nofaol aholi soni 2019 yil mos davriga nisbatan 4,5 foizga oshgan. Ushbu ko`rsatkich o`tkazilgan tadqiqot davomida tadbirkorlik va xizmat ko`rsatish sohasi vakillari karantin chora-tadbirlari davrida vaqtinchalik o`z faoliyatlarini to`xtatib turishlarini va cheklovlardan so`ng qayta tiklash niyatini bildirib, boshqa faoliyat bilan shug`ullanmaslikni afzal ko`rayotganligi sababli oshganligini ko`rsatdi.
2020 yilning yanvar-iyun oylarida, ayniqsa SOVID-19 pandemiyasining mehnat bozoriga salbiy ta`sirini yumashatish maqsadida mehnat organlari tomonidan 588,2 ming(30 yoshgacha bo`lganlar 159,9 ming va ayollar
229,4 ming) ishsiz va band bo`lmagan aholiga xizmatlar ko`rsatildi.
Xususan, 501,1 ming nafari doimiy ish o`rinlariga ishga joylaytirish va jamoat ishlariga jalb qilish orqali bandligi ta`minlandi,
15,0 ming nafar ishsizlar kasb-hunarga o`qitildi, 27,0 ming nafar ishsiz shaxslarga Bandlikka ko`maklashish jamg`armasidan 10,1 mlrd. so`m ishsizlik nafaqasi to`lab berildi.
Shuningdek, Bandlikka ko`maklashish jamg`armasidan ajratiladigan subsidiyalar hisobiga 24,8 ming nafar fuqaro shaxsiy tomorqalarida,
15 ming nafar fuqaro qishloq xo`jaligi, tikuvchilik va hunarmandchilik kooperativlarida a`zo sifatida biriktirilib, band qilindi,
3 ming nafar fuqaro tadbirkorlikka jalb etildi, 256 ta ish beruvchiga mehnat organlari yo`llanmasi bilan ishga olingan 2,3 ming nafar ishsizlarning kasbiy malakasini oshirganligi va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini ishga olganligi uchun moddiy ko`mak ajratildi.






