AsosiyJamiyat

Qoraqalpog`istonga Germaniyadan koronavirus testini tahlil qiluvchi ko`chma apparat olib kelindi

'Qoraqalpog`istonga Germaniyadan koronavirus testini tahlil qiluvchi ko`chma apparat olib kelindi'ning rasmi

Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan COVID-19 koronavirusini aniqlovchi «Mini 8 Plus Real-Time PSR System» uskunasi va 1400ta test tizimi Qoraqalpog`iston Respublikasi Sanitariya-epidemiologiya farovonligi markaziga beg`araz yordam sifatida topshirildi. Bu haqda Yangi O`zbekiston nashri ma`lum qildi.

Xabarda aytilishicha, «Mini 8 Plus Real-Time PSR System» Germaniyada ishlab chiqarilgan bo`lib, funksional jihatdan katta – standart apparatlardan farq qilmaydi. PZR (polimer zanjir reaksiyasi) asosida ishlovchi mazkur mobil molekulyar uskuna foydalanuvchilar uchun qulay bo`lgan oddiy interfeys bilan jihozlangan.

Uskuna birdaniga 8ta namunani tekshirish quvvatiga ega bo`lib, aksariyat tijoriy reagentlarga mos keladi. Bundan tashqari, tizim avtomatik tarzda tanlangan elektron manzilga ma`lumotlarni yuborish imkoniyatiga ega. Shu bois laboratoriya xodimlari ish vaqtidan unumli foydalanadi, mijozlar esa zudlik bilan kasallikka chalinganlari yoki chalinmaganliklari to`g`risida ma`lumot oladi.

Uskunani sozlashga ehtiyoj yo`qligi, engil va kichik hajmli ekani bois uni bemalol laboratoriya ichida yoki boshqa joylarga ko`chirib yurish mumkin.

Olis hududlarda diagnostika ishlarida foydalanishga mo`ljallangan mazkur uskuna avtonom rejimida ishlashga mo`ljallangan bo`lib, rozetka orqali ham, batareyalar orqali ham ishlaydi.

Mazkur qurilma koronavirus va boshqa yuqumli kasalliklarni aniqlashdan tashqari genotiplash, ya`ni nasldan naslga o`tadigan kasalliklarni topish, shuningdek, hujayradagi genlarning o`zgarganlik darajasini tahlil qilish hamda oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini aniqlash imkonini beradi.

Qo`shimcha qilinishicha, bu apparat yordamida, masalan, «mol go`shti» deb yozilgan qadoqdagi kotletda tovuq go`shtining bor-yo`qligini yoki zararli kimyoviy moddalar ishlatilgan-ishlatilmaganini bilish ham mumkin.

 

    Boshqa yangiliklar