“Agrar ta`lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Huquqiy axborot kanalida xabar qilindi.
Qarorga muvofiq, 2020/2021 o`quv yilidan boshlab quyidagilar joriy etiladi:
* agrar ta`limda bakalavriat yo`nalishlarida kredit-modul tizimiga bosqichma-bosqich o`tiladi. Bunda, ta`limning kredit tizimida haftada 5 kunlik o`qish hamda shanba kunini mustaqil o`zlashtirish kuni deb belgilash;
* xorijiy oliy ta`lim muassasalari bilan hamkorlikdagi qo`shma ta`lim dasturlarining o`quv rejalari va fan dasturlarini agrar soha OTMlari tomonidan xorijiy hamkorlar bilan kelishilgan holda mustaqil tasdiqlash;
* qishloq xo`jaligi ishlab chiqarish sohasi uchun magistraturada o`qish muddatini 1 yil, ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug`ullanuvchi iqtidorli talabalar uchun 2 yil etib belgilash;
* Qishloq xo`jaligi vazirligi tizimidagi OTMlarga sohada 5 yillik stajga ega bo`lgan xodimlarni tavsiyanoma asosida o`qishga tavsiya etilganda o`qish muddatini sirtqi ta`lim shaklida 4 yil etib belgilash hamda to`lov-kontrakt miqdorini kunduzgi ta`lim yo`nalishidagi to`lov-kontrakt (stipendiyasiz) miqdoriga tenglashtirish;
* tajriba-sinov tariqasida, Toshkent davlat agrar universitetida bakalavriat yo`nalishlarining sirtqi ta`lim shakli bo`yicha masofaviy ta`lim olish tizimini bosqichma-bosqich yo`lga qo`yish;
* xorijiy fuqarolar uchun to`lov-kontrakt miqdorini, istisno tariqasida, ikki barobarga kamaytirish;
* bakalavriat yo`nalishida kasbiy ta`lim bo`yicha kadrlar tayyorlash tizimini yo`lga qo`yish.
Shuningdek, qaror bilan, Qishloq xo`jaligi vazirligi tizimidagi “Agroinnovasiya” DUK va Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi “G`o`za urug`chiligi markazi” negizida Qishloq xo`jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo`jaligida bilim va innovasiyalar Milliy markazi tashkil etildi.
Sohaga yangi ilmiy va innovasion yutuqlarni, raqamli texnologiyalarni joriy etish, qishloq xo`jaligida bilim va innovasiyalar tizimi (AKIS) strategiyasini amalga oshirish Milliy markazning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.






