“O`zstandart”ning sobiq xodimi tadbirkorlarni aldagani uchun firibgarlikda ayblandi, deya xabar bermoqda IIV huzuridagi Tergov departamenti.
2019 yil 11 may kunidan 2019 yilning 18 oktyabr kuniga qadar bo`lgan vaqt oralig`ida “O`zstandart” agentligi respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasining sobiq xodimi Yo.T., o`ziga oldindan tanish bo`lgan Chirchiq shahridagi xususiy tadbirkor 32 yoshli S.R. va MChJ menedjeri 25 yoshli D.K.,larni aldagani fosh bo`ldi. U fuqarolarga o`zini go`yoki hali ham “O`zstandart” agentligida ishlayotgandek ko`rsatib, chet eldan O`zbekiston ichki bozorida savdoga chiqarish uchun olib kelingan mahsulotlarga tegishli ruxsat beruvchi “Muvofiqlik-sertifikat”larini hamda “Sanitariya-epidemiologiya markazi”ning xulosalarini ortiqcha ovoragarchiliklarsiz qisqa muddatlarda rasmiylashtirib berishini va`da qilib, o`zining uyida “Toshiba” rusumli noutbuk elektron xotirasida mavjud bo`lgan Agentlikning sertifikat namunalarini “Paint” dasturi yordamida o`zgartirish yo`li bilan qalbakilashtirib, bu soxtalashtirilgan ruxsat blankalarini D.Q. va S.R., larga jami 32.700.000 so`m evaziga sotib, pullarni o`zining shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, Yo.T., JKning 228-moddasi 2-qismi “a” bandi va 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan hamda unga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qo`llanilgan. Jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan tegishliligi bo`yicha sudga yuborilgan.






