Kuni kecha SSV tomonidan COVID-19 bo`yicha milliy qo`llanmani 6-nashri chiqqanligi aytib o`tildi. Infeksiya O`zbekistonga kirib kelganiga 5 oy bo`lgan bo`lsa-da, nima uchun tavsiyalar tez-tez o`zgaryapti? O`zbekistondagi barcha shifokorlarga ushbu tavsiyalarning har bir sonini vaqtida etkazib berish imkoni bormi?
Ushbu savolga AOKAda o`tkazilgan brifingda ishtirok etgan Koronavirusga qarshi kurash shtabi a`zosi Barno Abdusamatova quyidagicha javob qaytardi:
- Pandemiya tez rivojlanayotganligi sababli, butun dunyo olimlari bir joyda to`xtamayaptilar, ular doimiy izlanishdalar. Virusning yangi qirralari hamda yangi davolash usullari ustida muntazam ish olib borilmoqda.
Shuning uchun ham har bir davlat qo`llanmani mahalliy sharoitlarga moslagan holda ishlab chiqadi va har qanday vaqtda qo`llanma to`ldirilishi yoki o`zgartirilishi mumkin.
Shuning uchun ushbu qo`llanmalarni biz vaqtincha tavsiyalar asosida yaratilgan qo`llanma deymiz.
O`zbekistondagi COVID-19 infeksiyasi bilan kasallanganlarga tibbiy yordam ko`rsatadigan mutaxassislar uchun ishlab chiqilgan ushbu klinik ko`llanmalar hozirgi kunga mavjud klinik dalillar, yaxshi tajriba va ekspert xulosalari asosida yaratilmoqda.
Qo`llanma tayyorlashda quyidagi ikkita ustuvor yo`nalishlar hisobga olindi:
COVID-19 infeksiyasi yuqishi ehtimolini kamaytirish.
COVID-19 infeksiyasi gumon qilinganda va/yoki tasdiqlanganda, xavfsiz tibbiy yordam ko`rsatishni ta`minlash.






