1

Endilikda “COVID-19” bilan kasallangan bemorlarga yangi me`yorlar asosida tashxis qo`yiladi va davolanadi

Jamiyat 04.08.2020, 18:37
Endilikda “COVID-19” bilan kasallangan bemorlarga yangi me`yorlar asosida tashxis qo`yiladi va davolanadi

“COVID-19” bilan kasallangan bemorlarni davolash bo`yicha vaqtinchalik ko`rsatmalarning oltinchi nashri tasdiqlandi, deya xabar bermoqda SSV.   

Ushbu nashrda aks etgan muhim o`zgarishlar haqida vazirlik qoshidagi Koronavirusga qarshi kurash bo`yicha shtab a`zosi Habibullo Oqilov quyidagilarni so`zlab berdi:

– Oltinchi nashrning avvalgilaridan farqi shuki, undan koronavirusning paydo bo`lishi, dunyo bo`yicha tarqalishi kabi umumiy ma`lumotlar olib tashlanib, ish jarayonida o`rganish va qo`llashga oson bo`lishi uchun, asosan, davolash bo`yicha tibbiyot xodimlari uchun aniq ko`rsatmalar berildi.

Shuningdek, shu paytgacha mahalliy mutaxassislarimiz tomonidan to`plangan tajribalar asosida tegishli qo`shimchalar ham kiritildi.

Masalan, koronavirusga chalingan bemorlarni uy sharoitida qanday tartibda davolanishi aniq belgilab berildi.  

Bundan tashqari, dunyo tajribasidan kelib chiqib, kasallik klinik belgilarsiz kechayotgan bemorlar bilan ishlash bo`yicha ham tibbiyot xodimlari uchun alohida tavsiyalar taqdim etildi.

Bemorni davolashda bir qator tahlil jadvallarining berilishi mazkur nashrdagi eng muhim yangiliklardan biri bo`ldi, deyish mumkin.  

Jumladan, o`tkir respirator kasalliklarga ega bemorning kasallik belgilari bo`yicha savolnomasi keltirilgan bo`lib, u orqali kasallik simptomlari bilan bir qatorda, bemorning oxirgi 14 kunlik faoliyati va muloqotlari haqida ham ma`lumot olish mumkin bo`ladi.  

Shuningdek, unda hozirgi kunda eng dolzarb bo`lib turgan, pnevmoniya bilan kasallangan bemorlar ahvolining og`irlik darajasini aniq baholash bo`yicha mezonlar ishlab chiqildi.  

Bunda pnevmoniyaning og`irlik darajasi – engil, o`rta, o`rta og`ir va og`ir kabi 4 ta kategoriyaga bo`lindi.

Ularning farqli jihatlari aniqlashtirildi. Qo`llanma bilan tanishgan mutaxassis kasallikning turli darajasidagi o`pkaning namunaviy kompyuter tamografik suratlari misolida bemorning holatiga tez va aniq baho bera oladi.  

Ya`ni engil darajadagi pnevmoniya aniqlangan bemorlar birlamchi tibbiyot muassasalari xodimlari nazorati ostida uy sharoitida davolanadi, o`rta darajasidagi – maxsus saralash va taqsimlash markazlariga, o`rta og`ir va og`ir darajasidagi bemorlar esa maxsus ixtisoslashgan tibbiyot muassasalariga yo`naltiriladi. Shu orqali bemorga yordam ko`rsatish jarayoni tezlashtirilishiga erishiladi.

Bundan tashqari, qo`llanmada bemorning holati, ya`ni uning tana harorati, saturasiyasi, nafas olish va yurak urish soni, arterial qon bosimi, KT-tahlili kabi qator ko`rsatkichlar orqali dinamikasini baholash tizimi joriy qilish ko`rsatib berildi.  

Bu orqali esa bemorning ahvoli ijobiy yoki salbiy tomonga o`zgarayotgani haqida yaxlit tahlilga ega bo`lish imkoniyati yaratildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1