Avval xabar qilganimizdek, Prezident Shavkat Mirziyoev kecha, 4 avgust kuni « Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarorni imzoladi.
Unga muvofiq, "Ijtimoiy himoya yagona reestri" axborot tizimida kam ta`minlangan oila sifatida ro`yxatga olingan oilalarga bepul yoki imtiyozli shartlarda ko`rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ro`yxati tasdiqlandi. Ular quyidagilar:
* Davlat maktabgacha ta`lim muassasalarida ota-onalar to`lovidan ozod etish;
* Maktabgacha ta`lim muassasalarida o`rnatilgan miqdorlarda ota-onalar to`lovini to`lash;
* Umumiy o`rta ta`lim maktablarida darsliklar ijara to`lovlaridan ozod etish;
* Umumiy o`rta ta`lim maktablari o`quvchilari uchun qishki kiyim-bosh berish;
* Ayrim fanlarni o`qitishga ixtisoslashtirilgan umumiy o`rta maktablar o`quvchilarini ovqatlanish xarajatlaridan ozod etish;
* San`at maktablari, musiqa maktablari, "Barkamol avlod" markazlari va boshqa maktabdan tashqari ta`lim muassasalarida o`qish xarajatlaridan ozod etish;
* Kam ta`minlangan oilalarning nogiron a`zolarini protez-ortopediya buyumlari bilan ta`minlash;
* Ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida bepul maxsus (ambulator yoki kunduzgi) tibbiy yordam ko`rsatish bo`yicha yo`llanma (order) olish.
Izoh: "Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali mazkur ilovada ko`rsatilmagan boshqa ijtimoiy xizmatlar va imtiyozlar ham joriy etilishi mumkin.






