Kuni kecha internet saytlarida "Chirchiqdagi shifokorlar: "Mehnat shartnomasi yo`q, bemorlar uchun dorilar yo`q" sarlavhali maqola e`lon qilingan edi. Unda Chirchiq Davlat Pedagogika instituti yotoqxonasi qoshida tashkil etilgan provizor shifoxonasiga mutaxassislar majburiy jalb qilingani, muassasaga pnevmoniyaning engil shaklini o`tkazayotgan bemorlar bilan bir qatorda koronavirusga chalingan bemorlar ham qabul qilingani, ammo xodimlarga koronavirusga chalinganlarni davolovchi mutaxassislar bilan teng haq to`lanmayotgani aytilgan.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan o`rganish o`tkazilib, Toshkent viloyati Sog`liqni saqlash boshqarmasi tomonidan vaziyat bo`yicha rasmiy munosabat bildirildi:
O`zbekiston Respublikasiga koronavirusni kirib kelishini va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo`yicha Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 16 iyuldagi 36-sonli bayonining 23-24- bandlariga ko`ra, ta`lim muassasalarining yotoqxonalari xorijdan keluvchi fuqarolarni karantinda saqlash joylari sifatida, shuningdek, engil shakldagi bemorlarni davolashga moslashtirilishi ko`rsatib o`tilgan. Shunga ko`ra, Sog`liqni saqlash vazirligining 2020 yil 16 iyuldagi 188-sonli buyrug`iga asosan Chirchiq Davlat Pedagogika instituti yotoqxonasi bazasida Toshkent viloyati Sog`liqni saqlash boshqarmasi rahbariyati hamkorligida 200 o`rinli provizor shifoxonasi tashkillashtirilib, 2020 yilning 20 iyulidan o`z faoliyatini boshlagan. Shifoxonada harorati ko`tarilgan, kasallik taxmin qilingan va pnevmoniyaning engil shaklini o`tkazayotgan bemorlar saralanib davolanadi. Davolanish jarayonida bemorlarda "COVID-19" infeksiyasi aniqlangan taqdirda zudlik bilan ixtisoslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonalariga ko`chiriladi.
Masalani o`rganish davomida Chirchiq Davlat Pedagogika instituti yotoqxonasi qoshida tashkil etilgan provizor shifoxonasining tibbiyot xodimlari bunday murojaatdan bexabar ekanini ma`lum qilishgan.
Ma`lum bo`lishicha, Chirchiq shahar tibbiyot birlashmasining 1-guruh tibbiyot xodimlari shu yilning 3 avgust kuni 14 kunlik ish faoliyatini tugatib, xizmat vazifasini navbatdagi tibbiyot xodimlariga topshirishgan. Tibbiyot xodimlarining ish haqlari qonunga muvofiq rasmiylashtirilgan va ularning 14 kunlik faoliyati uchun 6 foizli ustama haqlari to`liq to`lab beriladi.
Xulosa qilib aytganda, Chirchiq Davlat Pedagogika instituti yotoqxonasi bazasida tashkil etilgan shifoxona koronavirusga chalingan bemorlarni qabul qilishga mo`ljallanmagan. Ish haqlarini vaqtida olmaslik bilan bog`liq muammolarga duch kelganda tibbiyot xodimlaridan tezkor shtab tomonidan tashkil etilgan ishonch telefoniga murojaat etishlarini so`raymiz, deyiladi rasmiy munosabatda.






