Bilamizki, davlat organlari va tashkilotlari ma`lum bir vazifalarni, topshiriqlarni bajarish maqsadida chet el mamlakatlari yoki respublika hududlariga o`z xodimlarini xizmat safarlariga yuborishadi.
Bugungi kunda, milliy qonunchilikda xizmat safarlarini tartibga soluvchi bir nechta normativ-huquqiy hujjatlar mavjud, jumladan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 5 martdagi “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari to`g`risida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 9 sentyabrdagi “Vazirliklar, idoralar va boshqa respublika organlari xodimlarining chet el xizmat safarlariga borishini tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori, 2003 yil 29 avgustdagi “O`zbekiston Respublikasi hududidagi xizmat safarlari to`g`risida”gi Yo`riqnoma va boshqalar.
Biroq, xizmat safarlari to`g`risidagi qonun hujjatlarining bugungi kun talablariga javob bermasliklari o`z navbatida qator muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bunday muammolar sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan joylardagi muammolarni o`rganish va hal qilishning zamonaviy masofaviy shakllaridan foydalanmasliklari xizmat safarlari sonining haddan ortiq ko`payishiga
va byudjet mablag`lari xarajatlarining noproporsional o`sishiga olib kelmoqda;
davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslari xizmat safarlarining alohida jihatlari tartibga solinmaganligi, shuningdek og`zaki topshiriqlarni yuborishning eskirgan amaliyoti boshqaruv qarorlarini qabul qilishda byurokratizm va sub`ektivlikni tug`dirmoqda;
davlat organlari va tashkilotlari xodimlarini ularning vakolati kirmaydigan masalalar yuzasidan xizmat safarlariga yuborishning samarasiz amaliyoti mavjudligi joylarda muammolarni samarali aniqlash va hal qilish imkonini bermayapti;
qonunchilikda xizmat safarlari uchun belgilangan xarajatlarning miqdori davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining haqiqiy xarajatlariga nomuvofiqligi korrupsiya ko`rinishlari o`sishiga sabab bo`lmoqda;
davlat organlari va tashkilotlarining xizmat safariga yuboriladigan xodimlari faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholashning mavjud emasligi joylarda muammolarni amalda hal qilishni ta`minlamayapti.
Yuqorida qayd etilgan muammolarni bartaraf etish esa davlat organlari
va tashkilotlaridan o`z faoliyatini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish, shu jumladan videokonferensaloqa tizimidan keng foydalanish, shuningdek xizmat safarlari bo`yicha qonun hujjatlarida belgilangan, biroq bugungi kun talablariga mos kelmaydigan normalarni qayta ko`rib chiqishni taqozo etadi.
Bunda, qonun hujjatlariga kiritiladigan o`zgarishlar zamonaviy axborot-texnologiyalarni qo`llagan holda xizmat safarlarini qisqartirib, majlislar, yig`ilishlar, konferensiyalar, seminar va treninglarni masofadan turib amalga oshirish, davlat tashkilotlarining tarkibiy va hududiy bo`linmalari hisobotlarini hududlardan davlat tashkilotlari xodimlarini taklif etmasdan eshitib borish, boshqa davlat organlari va tashkilotlariga og`zaki topshiriqlar berilishiga yo`l qo`ymaslik, o`z vakolatiga kirmaydigan
yoki xizmat safari maqsadi bilan bog`liq bo`lmagan masalalar bo`yicha yig`ilishlar o`tkazish amaliyotini bekor qilishga oid korrupsiyaga qarshi normalarni belgilash, xizmat safari davomida vujudga keladigan korrupsion xavf-xatarlarni bartaraf etish bo`yicha tegishli choralarni ko`rish kabi masalalarni o`z ichiga olishi zarur.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari xizmat safarlari rejalari maqsadga muvofiqligi, samaradorligi va natijadorligini tahlil qilish va baholash, respublika hududlariga yuboriladigan xodimlarining xizmat safarlari xarajatlari ro`yxatini qonunchilikda belgilangan me`yorlarning haqiqiy xarajatlarga muvofiqligini ta`minlash bo`yicha masalalarni ko`rib chiqish ham bugungi kun talabidir.
Bu kabi o`zgarishlar esa o`z navbatida davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining samarasiz xizmat safarlari soni va ularda nazarda tutilgan xarajatlarni hamda xodimlari tomonidan vazifalarni bajarishga ketadigan vaqtini sezilarli darajada optimallashtirilishiga, xizmat safari davomida korrupsiya xavf-xatarlari va manfaatlar to`qnashuvi holatlari vujudga kelish ehtimolini kamaytirilishiga, xizmat safariga yuboriladigan xodimlari tomonidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga aralashish
amaliyoti bekor qilinishiga, xizmat safari natijasining ob`ektivligi
va samaradorligining oshishiga olib keladi.
Azizbek Dexkanov
Adliya vazirligi mas`ul xodimi