Endi talabalar uchun arzon internet trafiklari joriy etiladi

Jamiyat 07.08.2020, 08:16
Endi talabalar uchun arzon internet trafiklari joriy etiladi

Avval xabar berganimizdek, kecha 6 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoev joriy yilda oliy ta`lim muassasalariga qabulni tashkil qilish va 2020/2021 o`quv yiliga tayyorgarlik ko`rish masalalari yuzasidan yig`ilish o`tkazdi.

Davlat rahbari yig`ilishda tegishli mutasaddilarga chekka hududlarni ham tezroq internet bilan ta`minlash va talabalar uchun arzonlashtirilgan internet trafiklari ajratish bo`yicha topshiriq bergan. 

Prezidentga bu taklifni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsieva bildirgan, deya xabar bermoqda O`zA.

— Talabalar bilan doimiy muloqotdamiz, yangi o`quv yilini boshlashda nimalarga e`tibor berish haqida takliflar olyapmiz. Pandemiya sabab o`tgan yili ikkinchi semestrni onlayn tarzda tashkil qildik, himoyalarni o`tkazdik. Lekin shundan so`ng ko`pchilik talabalarda o`ziga xos takliflar va talablar yuzaga keldi. Agar yangi o`quv yilini biz onlayn boshlaydigan bo`lsak, chekka qishloqlarni ham internet bilan ta`minlash masalasini hamda talabalar uchun muhim bo`lgan arzonlashtirilgan internet trafiklarni ajratish borasida murojaat qildim va Prezidentimiz tegishli mutasaddilarga bu bo`yicha topshiriq berdilar. O`ylaymanki, bu hammamiz uchun juda ham qulay sharoitni vujudga keltiradi, - dedi Gulchehra Rixsieva.

Eslatib o`tamiz, avvalroq Respublika Oliy ta`lim kengashi raisi O`ktam Umurzoqov yangi o`quv yili onlayn tarzda boshlanishini ma`lum qilgani haqida xabar bergan edik.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1