1

«UzAutoMotors» deputat Rasul Kusherbaevning engil avtomobillar narxlarini oshirish bo`yicha aybloviga munosabat bildirdi

Jamiyat 07.08.2020, 13:30
«UzAutoMotors» deputat Rasul Kusherbaevning engil avtomobillar narxlarini oshirish bo`yicha aybloviga munosabat bildirdi

Rasul Kusherbaevning engil avtomobillar narxlarini oshirish bo`yicha “UZAUTOMOTORS” AJga ayblovni o`zining telegram kanalida e`lon qildi.

"Kuni kecha Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan “UZAUTOMOTORS” AJda O`zbekiston Respublikasining “Raqobat to`g`risida”gi qonuni va sohani tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi, shu jumladan, ishlab chiqarilayotgan engil avtomobillar tannarxi shakllanishi va narx qo`llanilishi asosliligi yuzasidan o`tkazilgan tekshiruv natijasida qo`zg`atilgan ish “UZAUTO MOTORS” AJ vakillari ishtirokida videokonferens rejimida ko`rib chiqildi. 
Tekshirish jarayonida quyidagi qonunbuzilish alomatlari aniqlangan. Xususan, “UZAUTO MOTORS” AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan engil avtomobillarning amaldagi narxlarini shakllantirishda ayrim xarajatlarni oshirib kiritganligi sababli monopol yuqori narx qo`llanilishi alomatlari aniqlangan. Bunda:
Birinchidan, avtomobillarning bazaviy narxini shakllantirishda normalanadigan xarajatlarni, ya`ni butlovchi qism va materiallar narxini oshirib kiritish;
Ikkinchidan, Jamiyat tomonidan avtomobillarning bazaviy narxini shakllantirishda o`tgan yilning 9-oylik hisobot ko`rsatkichlari inobatga olish oqibatida normalanmaydigan xarajatlarning oshishi;
Uchinchidan, Jamiyat tomonidan avtomobillarning bazaviy narxini shakllantirishda reklama xarajati va boshqa xarajatlar asossiz kiritilishining narxga ta`siri;
To`rtinchidan, avtomobillarning bazaviy narxini shakllantirishda kreditga bog`liq xarajatlarning noto`g`ri kiritilishi kabi omillar narx yuqori shakllanishiga sabab bo`lgan.
Bundan tashqari engil avtomobillarni iste`molchilarga realizasiya qilishda ayrim dilerlarga boshqalariga nisbatan afzal holatga qo`yadigan imtiyoz va engilliklarni berish, yangi tashkil etilayotgan dilerlar bilan shartnoma tuzishda shartnoma predmetiga taalluqli bo`lmagan shartlarni qo`yish kabi holatlarni sodir etish alomatlari aniqlangan. Bu qisqa muddatda sotilgan avtomobillarning aksariyat qismi kam sonli ayrim dilerlar orqali sotilishiga sabab bo`lgan. (Shu eri juda shubhali harakat)
Yana bir masala: “UzAuto Motors” AJ yangi tashkil etilayotgan dilerlik markazlari bilan tuziladigan dilerlik shartnomasiga 10 mlrd so`m miqdorida oldindan to`lov o`tkazish shartini kiritgan bo`lib, biroq shu kunga qadar amalda ishlab turgan dilerlik markazlari bilan tuzilgan shartnomalarda bunday shartlar mavjud emas. Bu o`z o`rnida yangi ishtirokchilarning “bozor”ga kirib kelishida sun`iy to`siq paydo qilgan.
Yana bir qiziq holat shundaki, maxsus aksiyaga tushgan avtomobillarni muddatli to`lov asosida sotishni “UZAUTO MOTORS” AJ o`zi ta`sischiligidagi “Autosanoat Invest” MChJ orqali amalga oshirish tizimini shakllantirgan. Bunda boshqa dilerlar to`g`ridan-to`g`ri bu ishni amalga oshira olishmay, sun`iy to`siq qo`yilgan.
Bu holatlar atroflicha muhokama etildi. Va kutilganidek, “UZAUTO MOTORS” AJ bu vajlarni tan olmay qo`shimcha hujjatlar bilan tanishib chiqib, ish mazmuniga ta`luqli materiallarni taqdim etishini bildirib o`tdi. Shu sababli ishni ko`rishni yaqin kunlarda davom ettirishga qaror qilindi.
Muhokamada Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan ish bo`yicha maxsus komissiyasi qaror qabul qilganidan so`ng natijasi bo`yicha qo`shimcha axborot taqdim etilishi ma`lum qilindi.
Shu sababli qo`mita tekshiruvida aniqlagan raqamlar va ularning tahlili haqida komissiya qaroridan so`ng batafsil to`xtalib o`tamiz" deydi deputat.

 

«UzAutoMotors» kompaniyasi 5 avgust, chorshanba kuni deputat Rasul Kusherbaevning aybloviga javob berdi.

Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Ma`lum qilinishicha, kompaniya deputatni shuhrat uchun o`z tasdig`ini topmagan ma`lumotlarni tarqatishda ayblagan.

«Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining ‘UzAutoMotors’ AJ tomonidan O`zbekiston Respublikasining ‘Raqobat to`g`risida’gi qonuni talablariga rioya etilishi yuzasidan tekshiruvi doirasida kompaniya vakolatli davlat idorasi bilan mutlaqo shaffoflik asosida hamkorlik qilmoqda va barcha zaruriy ma`lumotlarni taqdim etmoqda. Afsuski, shaxsiy shuhrat ilinjidagi ayrim shaxslar tekshiruv yakunini kutmay, uning tafsilotlarini chop etmoqdalar, tekshiruvchilarning alohida talqinlarini hech tortinmay aniqlangan fakt o`laroq ko`rsatmoqdalar», — deyiladi rasmiy xabarda.

Bayonotda «UzAutoMotors» tekshiruv natijalari bo`yicha yakuniy xulosa berilishini kutmagan deputat Kusherbaev populist ekaniga ishora qilgan.

«Liberal-demokratik partiya a`zosining bu boradagi fikri o`zgacha ekan — uning tomonidan nafaqat populistik fikr-mulohazalar, balki Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tezislarining ochiq-oydin buzilgan talqini navbatdagi axborot porsiyasi o`laroq 5 avgustda o`z shaxsiy Telegram kanalida ommaga e`lon qilindi», — deyiladi «UzAuto Motors» bayonotida.

Shuningdek, kompaniya o`tkazilayotgan tekshiruvlar tasodifan deputatlar so`rovi bilan bir vaqtga to`g`ri kelib qolganini aytgan.

«Kimdadir deputatlik so`rovi ‘UzAutoMotors’ tekshiruvi uchun turtki bo`lgan, degan fikr uyg`onishi mumkin. Yumshoqroq aytadigan bo`lsak, bu haqiqatga to`g`ri kelmaydi: keng ko`lamli tekshiruv borayotganiga bir necha oy bo`ldi, lekin 29 iyulda, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi narxni shakllantirish masalasini chuqurroq o`rganish to`g`risida qaror qabul qilgan kuni deputatlar guruhidan so`rov kelib tushgan. Tasodifmi? Shubhasiz. Shunday bo`lsa-da, Rasul Kusherbaev na ish tashabbuschisi, na uning ishtirokchisi bo`la turib, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining noto`g`ri rolini o`zida sinab ko`rdi — o`zi videokonferensiya rejimida qatnashgan ish yuzasidan tomonlar o`rtasidagi muhokamaning tafsilotlari yuzasidan shaxsiy talqinlari bilan jamoatchilikni hayratga soldi. Uning jurnalistika fakultetining bitiruvchisi maqomiga chuqur hurmat bildirgan holda Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining pozisiyasini e`lon qilish qo`mita matbuot xizmatining vakolati doirasidagi ish, deb hisoblaymiz. Vaholanki, matbuot xizmati axloq me`yorlarini buzib, ishchi talqinlarni fakt o`laroq taqdim etishni o`ziga ep ko`rmagan bo`lardi», — deyiladi xabarda.

Xabar berilishicha, Monopoliyaga qarshi kurashish ekspertlari martdagi narx o`zgarishiga asos bo`lgan ehtiyot qismlar narxining uzoq muddatli prognozining aniqligini tekshirmoqda.

«Muhim jihati — fakt aniqlanmagan, balki masala ko`rib chiqilmoqda! Ammo, mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchiga nisbatan qandaydir nafrat his etuvchi qonun ijodkori bu nuqtaga qarab o`tirarmidi?», — deydi kompaniya.

Ta`kidlanishicha, hozirda muvofiqlashtiruvchi idora mutaxassislari reklama xarajatlari va kreditlarga xizmat ko`rsatish xarajatlarining narx belgilash jarayoniga kiritilishini ham o`rganmoqda.

«Bu yo`nalishda ham kompaniya muvofiqlashtiruvchi idora bilan hamkorlikda ishlamoqda, o`zi ishlab chiqqan va bir qator idoralar tomonidan tasdiqlangan hisob-kitoblar to`g`riligini ma`qullamoqda. Shubhasiz, bu borada oxirgi xulosani Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi aytadi», — deydi kompaniya.

«UzAutoMotors» Rasul Kusherbaevning dilerlik saloni imkoniyatlari haqidagi fikriga ham munosabat bildirgan.

«Keyin Rasul Xidralievich fakt o`laroq taqdim etilishi mumkin bo`lgan boshqa salmoqli gumonlar topa olmay, ‘UzAutoMotors’ning dilerlar bilan munosabatlariga o`tdi — go`yoki, ularning ba`zilari boshqalariga teng bo`lmagan sharoitda emishlar.

Deputat masala mohiyatini tushunib etmay, lekin ‘o`zga fikrga o`rin yo`q’ qabilida ish ko`rib, kompaniya yangi dilerlardan 10 milliard so`m miqdorida oldindan to`lovni talab qilishini, ishlab turgan dilerlarga esa bunday talab yo`q ekanligini da`vo qildi. Agar u bevosita kompaniyaga savol bilan murojaat etishni o`ziga ep ko`rganda edi, kompaniya tomonidan o`tkazilgan ob`ektiv tahlil avtosalonlar sonining haddan ortiqligini, nisbatan kichik hududlarda o`ta ko`p joylashganligini va ko`plab sotuv nuqtalarining samaradorligi pastligini bilib olgan bo`lardi. Vaziyatni sog`lomlashtirish uchun amaldagi dilerlar bilan ularning servis darajasini oshirishga qaratilgan o`zaro hamkorlik dasturi ishlab chiqildi. Aynan shu mantiqqa asosan, ‘UzAutoMotors’ sheriklik tarmog`iga qo`shilishni istagan yangi nomzodlarga ham mijozlarga xizmat ko`rsatish darajasi borasida, ham savdo shartlari yuzasidan yangi talablar qo`yadi. Tabiiyki, bu iste`molchi uchun yakuniy narxga mutlaqo ta`sir ko`rsatmaydi, ammo g`azab otiga mingan deputat ‘xalq manfaatlarini himoya qilish’dan chetlanib, ommaviy tarzda ayrim tijorat tuzilmalari manfaatlarini himoyalashga o`tib ketganligini payqamay qoldi. Bu erda nima birlamchi-yu, nima ikkilamchi — muhokama qilib o`tirmaymiz.

Davomi yana ham qiziqroq. Deputat tekshiruv ‘UzAutoMotors’ kompaniyasining maxsus aksiyalari orqali avtomobillarni muddatli to`lov asosida sotish faqat kompaniya muassisligidagi ‘Autosanoat Invest’ MChJ orqali amalga oshirilganligini ko`rsatgan. Boshqa dilerlar bevosita bunday aksiya o`tkazish huquqiga ega bo`lmaganliklarini e`lon qildi. Bu esa uchiga chiqqan safsatabozlik va qip-qizil yolg`onning o`zginasi: ‘UzAutoMotors’ kompaniyasi ‘Autosanoat Invest’ning muassisi emas va hech qachon bo`lmagan ham — bu kompaniya 100 foiz ‘O`zavtosanoat’ AJga tegishli. Bundan tashqari, ‘UzAutoMotors’ amalda hech qanday aksiya uyushtirmaydi — u faqat avtomobillar ishlab chiqaradi, ularni keyin dilerlar o`z avtosalonlarida sotadilar. Dilerlar esa, o`z navbatida, amaldagi qonunchilik doirasida va o`z fantaziyalaridan kelib chiqib, istalgan aksiyani o`tkazishlari mumkin. ‘Autosanoat Invest’ bir qator o`z aksiyalarini o`ylab topdi va ishlab chiqdi, lekin yuzga yaqin boshqa dilerlik korxonalarining har biri ham xuddi shunday huquqqa ega. Boz ustiga, ular bu huquqlaridan faol foydalanadilar, hatto avtomobillarning bepul o`ynalishiga qadar o`z aksiyalarini ishlab chiqadilar», — deya kompaniya deputat fikriga raddiya bergan.

«UzAutoMotors» deputatning «Va kutilganidek, ‘UzAutoMotors’ AJ bu vajlarni tan olmay qo`shimcha hujjatlar bilan tanishib chiqib, ish mazmuniga taalluqli materiallarni taqdim etishini bildirib o`tdi» degan fikriga ham javob bergan.

«O`z ‘muxbirlik’ mahsulini xulosalar ekan, deputat qayg`urib yozadi: ‘kutilganidek’ avtomobil ishlab chiqaruvchi keltirilgan qonunbuzarliklarni tan olmadi va materiallar o`rganilganidan keyin qo`shimcha hujjatlar taqdim etishini bildirdi, shundan so`ng ishni ko`rib chiqish davom etadi. Nima ham qilardik — birinchidan, bu tizim aynan argumentlar va kontrargumentlar asosida ishlaydi, ikkinchidan, ushbu jarayonda kuzatuvchi rolini bajargan deputat nimaning tan olinishini kutgandi? ‘UzAuto Motors’ o`ziga mutlaqo aloqasi yo`q kompaniyaning muassisi ekanliginimi? Yoki 10 minglab mijozlari o`rtasida havas qilarli muntazamlikda aksiyalar o`tkazib keladigan ‘UzAutoMotors’ dilerlariga bunday aksiyalar uyushtirish taqiqlanganinimi?

Shubhasiz, ‘UzAutoMotors’ turli davrlar va boshqaruvga turlicha yondashuvlarni boshidan o`tkazdi. Shu bilan birga, kamida keyingi ikki yilda kompaniya o`z faoliyatini ochiqlik va iste`molchi bilan hurmat asosidagi muloqot asosida qurmoqda. O`n yillab butunlay boshqacha sharoitlarda ishlangani tufayli to`planib qolgan kamchiliklar haqida kompaniya rahbariyati hammadan yaxshiroq xabardor. Ushbu nuqsonlar izchil bartaraf etilyapti va bu jarayon xalq e`tiboridan chetda qolmaydi, deb umid qilamiz. Tabiiyki, kompaniya konstruktiv tanqid uchun ochiq, ammo ochiq-oydin g`arazli hujum uyushtirishdan oldin yaxshiroq tayyorgarlik ko`rishi lozim bo`lgan odamlarning quruq ayblovlariga, xususan, ularning haqoratlariga jim qarab turmaydi. Agar kompaniya qaerdadir nohaq bo`lsa, o`z xatosi ustida ishlashga tayyor. Lekin tegishli xulosani davlat idorasidan olishni kutamiz», — deyiladi kompaniya axborotida.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1