1

“COVID-19”ni davolayotgan xususiy shifoxonalarda standartlarga rioya qilmaslik holatlari aniqlandi.

Jamiyat 07.08.2020, 23:02
“COVID-19”ni davolayotgan xususiy shifoxonalarda standartlarga rioya qilmaslik holatlari aniqlandi.

Sog`liqni saqlash vazirligida “COVID-19” infeksiyasini aniqlash va davolashda qatnashayotgan xususiy tibbiyot muassasalarining vakillari ishtirokida yig`ilish o`tkazildi. Unda Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari U.Sobirov “COVID-19” infeksiyasini davolayotgan nodavlat tibbiyot muassasalarida o`tkazilgan monitoring natijalari to`g`risida ma`lumot berdi.

Ma`lum qilinishicha, poytaxtimizda jami 14 ta xususiy klinika koronavirusga chalingan bemorlarni qabul qilmoqda. Shulardan faqat 7 tasi davolashni boshlash uchun sanitariya-epidemiologiya qoidalari va davolash standartlariga rioya qilish bo`yicha Toshkent shahar sog`liqni saqlash boshqarmasi bilan shartnoma imzolagan. “COVID-19” infeksiyasini davolayotgan xususiy tibbiyot tashkilotlarining aksariyatida zarur tibbiy asbob-uskunalar etishmaydi, tegishli mutaxassislar mavjud emas. Eng achinarlisi, ular orasida sanitariya-epidemiologiya qoidalariga hamda Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan standartlarga rioya qilmasdan ish yuritayotganlari mavjud.

Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti Anesteziologiya va reanimatologiya kafedrasi assistenti Alla Rosstalnaya xususiy klinikalarda “COVID-19” infeksiyasidan davolanayotgan bemorlarga yuritilgan kasallik tarixlarini tahlil qilar ekan, ularga keragidan ortiq dori-darmonlar, tegishli ko`rsatma mavjud bo`lmasa-da, ikki va undan ortiq antibiotiklar berilganligini, davolash standartlariga zid ravishda infuzion suyuqliklar quyilganligini ko`rsatib berdi.

Mutaxassislarning xulosalariga ko`ra, “COVID-19” infeksiyasi bilan kasallanishning dastlabki bosqichida turli infuzion suyuqliklar bilan davolash, bittadan ortiq antibotikni qo`llash kasallikning tez suratlarda og`ir shakliga o`tib ketishga sabab bo`lmoqda. Monitoring davomida xususiy tibbiyot tashkilotlarida aynan shunday xatoliklarga yo`l qo`yilgani qayd etildi.

Yig`ilishda Sog`liqni saqlash vazirligi Lisenziyalash va akkreditasiyalash boshqarmasiga hududiy sanitariya-epidemiologiya tashkilotlari bilan birgalikda xususiy tibbiyot tashkilotlarining koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bilan bog`liq faoliyatini monitoring qilib borish, davolash standartlarini buzgan xususiy klinikalarga nisbatan qat`iy choralar ko`rish, shu jumladan, ularning lisenziyalarini bekor qilish bo`yicha sudlarga da`vo arizalarini kiritish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1