1

O`zbekistonning qator hududlarida buyum bozorlari, ijtimoiy maskanlar, transport va to`ylarga ruxsat berildi

Jamiyat 12.08.2020, 08:56
O`zbekistonning qator hududlarida buyum bozorlari, ijtimoiy maskanlar, transport va to`ylarga ruxsat berildi

Namangan viloyatida karantin choralarini yumshatishga qaratilgan bayon qabul qilindi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi Matbuot xizmati. 

Mazkur hujjatga ko`ra, joriy yil 11 avgust kunidan boshlab:  

Namangan shahar va tumanlar hududida hamda shahar (tuman)lararo yo`nalishlarda jamoat transportida (avtobus, yo`nalishsiz taksi) yo`lovchi tashish faoliyatiga ruxsat beriladi. Bunda yo`lovchilarni cheklangan soniga qat`iy amal qilinishi va ish soati 22.00 yakunlanishi belgilab qo`yiladi.

Hokimliklar huzuridagi Karantin cheklovlarini yumshatish va tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatiga bosqichma-bosqich ruxsat berish bo`yicha tuzilgan maxsus ishchi guruhlar xulosasi asosida quyidagi faoliyat turlariga ruxsat beriladi:  

Barcha turdagi ixtisoslashtirilgan bozorlar.  

Umumiy ovqatlanish shaxobchalari. Oshxonalar soat 12.00dan 14.00 gacha, restoranlar esa soat 18.00 dan 21.00 gacha ishlashi mumkin. Banketlar hamda boshqa ommaviy tadbirlarni o`tkazishga yo`l qo`yilmaydi;  

Park va istirohat bog`lari;

Mehmonxonalar;  

Sport zallari, fitnes klub va trenajyor zallar (ijtimoiy masofani ta`minlash imkoniyati bo`lmagan jamoaviy sport turlarini o`tkazmaslik tavsiya etiladi);

Davlat va nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotlari;

Nodavlat ta`lim markazlari, to`garaklar (10 kishidan ko`p bo`lmagan guruhlar tashkil etib, mashg`ulotlar vaqtini oldindan kelishgan holda);  

Barcha xizmat ko`rsatish ob`ektlari, jumladan, sartaroshxona va go`zallik salonlari.  

Mazkur muassasalar, tadbirkorlik sub`ektlari va majmualar faoliyatini yo`lga qo`yishda belgilangan shartlarga amal qilinishi lozim. Aks holda ularga nisbatan tegishli choralar ko`riladi va faoliyati to`xtatiladi.  

Oilaviy tantana, to`y, ma`raka va marosimlarni fuqarolarning uy-joyi va hovlisida 30 kishidan ko`p bo`lmagan hamda sanitariya-gigiena talablariga qat`iy rioya etgan holda o`tkazishga ruxsat beriladi.

Shuningdek,  Navoiy shahar hokimligi axborot xizmati ma`lum qilishicha, 11 avgust kuni Navoiy shahar hokimi M.Bazarov tegishli mas`ullar hamda shahar ishchi guruhi a`zolari hamkorligida Navoiy shahridagi buyum bozorlari va yirik savdo nuqtalarida bo`lib, ularning faoliyatini yo`lga qo`yish bo`yicha olib borilayotgan ishlarni ko`zdan kechirdi.

Jarayonda tadbirkorlarning Navoiy shahar hokimiga qilgan murojaatlari inobatga olinib, ishchi guruh a`zolarining ijobiy xulosasiga ko`ra buyum bozorlar va savdo nuqtalari faoliyatiga ruxsat berildi.

Shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasida ham buyum bozorlari va jamoat transporti faoliyatiga ruxsat berildi. Bu haqda Qoraqalpog`iston Vazirlar kengashi matbuot xizmati xabar berdi.

10 avgustdan boshlab Qoraqalpog`iston Respublikasi Transport vazirligi ruxsati bilan Nukus shahrida A.Dosnazarov, To`rtko`l guzari va Sharof Rashidov ko`chalari bo`ylab avtobuslar qatnovi qayta tiklandi. Shuningdek, shu kundan boshlab Nukus savdo kompleksi faoliyatiga ruxsat berilgan. Ma`lum qilishicha, hozirda bozorga 9 yo`nalishda 45ta avtobus qatnovi qayta tiklangan.

Eslatib o`tamiz dastlab, 3 avgustdan birinchilar qatorida Qashqadaryo viloyatida karantin cheklovlari yumshatilib, qator faoliyat turlariga ruxsat berilgan edi. Shundan so`ng, Farg`ona va bugundan boshlab esa Samarqand viloyatida ham karantin cheklovlari bosqichma-bosqich yumshatilayotgani ma`lum qilingan edi. 

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1