«Lison ut-tayr» dostoni asosida multfilm ishlanmoqda

Madaniyat 14.08.2020, 22:12
«Lison ut-tayr» dostoni asosida multfilm ishlanmoqda

«O`zbekkino» milliy agentligi buyurtmasiga binoan, «Xasis baqqol» deb nomlangan multiplikasion filmning suratga olish ishlari boshlandi. Bu haqda Agentlik axborot xizmati​ xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu animasion film Mir Alisher Navoiyning «Lison ut-tayr» dostonida keltirilgan hikoya asosida suratga olinmoqda. Ayni paytga qadar, Navoiyning «Sher bilan Durroj», «Farhod va Shirin», «Sab`ai sayyor» asarlari asosida multfilmlar yaratilgan. Mazkur filmda qahramonlar shakl-shamoyili sharq miniatyura san`ati, xususan Kamoliddin Behzod ijod namunalari asosida yaratilmoqda. Multfilmni sahnalashtiruvchi rassom Indira Tursimetova. Ushbu multfilmning premerasi kelgusi yil Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan fevral oyida tomoshabinlar hukmiga havola etilishi rejalashtirilgan.

— Maqsadimiz jajji tomoshabinlarimizni buyuk bobokalonimiz Hazrat Navoiy ijodi bilan yanada yaqindan tanishtirishdan iborat, — deydi animasion film rejissyori Abdulatif Haydarov.​ — Ushbu multfilmda xasislik, ochko`zlik singari illatlar qoralanadi, aksincha mehr-oqibat, bag`rikenglik singari insoniy fazilatlar ulug`lanadi. Biz bundan avval «Sayyoh», «Avtosarguzashtlar» singari multfilmlarni bolajonlar e`tiboriga taqdim etganmiz. Mazkur multfilm ham ularga manzur bo`ladi, degan umiddamiz.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1