Meksika prezidenti Andres Manuel Lopez Obrador Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinasining samaradorligi isbotlangan taqdirda, uni o`zida sinab ko`rishga tayyorligini bildirgan. Bu haqda manbalarga tayanib xs.uz ma`lum qildi.
«Agar natijalar samarali bo`lsa, Rossiya hukumati bilan aloqa o`rnatamiz», degan u bugun bo`lib o`tgan matbuot anjumanida.
«Va bu masalada hech qanday shubha bo`lmasligi uchun, men birinchi bo`lib vaksinani o`zimda sinab ko`rilishiga roziman», — deydi Lopez Obrador.
«Bunday muhim masalada hech qanday mafkura bo`lmasligi kerak. Salomatlik — bu eng muhimi. Agar vaksina Rossiyada, Xitoyda ilgari paydo bo`lsa va uning hayotni saqlab qolish uchun samarali ekanligi isbotlansa, biz darhol hamkorlik qilamiz», — deydi Lopez Obrador.
Shuningdek, u ushbu masala yuzasidan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o`tkazishga tayyorligini qo`shimcha qilgan.
Ma`lumot uchun: Rossiya dunyoda birinchi bo`lib, 11 avgust kuni koronavirusga qarshi vaksinani ro`yxatdan o`tkazdi. "Sputnik V" deya nomlangan ushbu preparat Rossiya Federasiyasi Sog`liqni saqlash vazirligining N.F. Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy markazi tomonidan ishlab chiqilgan va iyun-iyul oylarida klinik sinovlardan o`tgan.






