Qirg`izistonda Chet el fuqarolarini qabul qilishni bosqichma-bosqich qayta tiklash to`g`risida qaror qabul qilindi, ayrim toifadagi chet elliklar va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarga Qirg`izistonga kirish hozirdan soddalashtirildi, deya xabar bermoqda Sputnik Qirg`iziston.
Joriy etilgan o`zgarishlarga ko`ra, Qirg`izistonga quyidagi toifaga mansub fuqarolar va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar kirishlari mumkin:
xorijiy davlatlar fuqarolari va Qirg`iziston Respublikasi universitetlarida tahsil olayotgan fuqaroligi bo`lmagan shaxslar (o`qish joyidan ma`lumotnoma asosida);
Qirg`iziston Respublikasida doimiy yashash huquqiga ega bo`lgan xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar;
Qirg`iziston Respublikasi hududidagi tibbiy muassasalarga davolanish uchun yo`l olgan xorijiy davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar (hujjat bilan tasdiqlangan holda);
yaqin qarindoshlarning dafn marosimiga boradigan xorijiy davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar (yaqin qarindoshlik aloqalari va o`lim faktlari hujjatli ravishda tasdiqlanishi shart).
"Bundan tashqari, koronavirus tarqalishi bilan bog`liq oqibatlarni minimallashtirishga qaratilgan iqtisodiy chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida xorijiy davlatlar fuqarolarini o`tkazishni bosqichma-bosqich tiklash to`g`risida qaror qabul qilindi", deyiladi bayonotda.
Ta`kidlanishicha, epidemiologik vaziyat barqarorlashishiga qarab, Sog`liqni saqlash vazirligi har oyda ikki marta (birinchi va o`n beshinchi sanalarda) qayta ko`rib chiqiladigan tegishli mamlakatlar ro`yxatini tasdiqlaydi.
Ro`yxatga kiritilgan chet elliklar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Qirg`iziston chegarasini kesib o`tishlari mumkin, deya qo`shimcha qilingan xabarda.
Qirg`iziston hukumati COVID-19 tarqalishining oldini olish maqsadida joriy yil mart oyida mamlakatga chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar kirishiga cheklov o`rnatgan edi.






