“O`zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasi bilan “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK tomonidan gilamlar haqida hikoya qiluvchi “Gilamlar – tarix poyandozi” nomli hujjatli film tasvirga olindi. Bu haqda agentlik axborot xizmati xabar berdi.
Hujjatli film rejissyori Aleksandr Gamirov, ssenariy muallifi Mavluda Toshpo`latova, operator Umid Malikov, film direktori Gulnora Abdurahimova. Unda gilamdo`zlik san`ati qadimiy artefakt sifatida, bugungi kunda ham saqlanib, an`anaga muvofiq davom etib kelayotgan san`at turi ko`rinishida ochib beriladi.
Tasvirga olish jarayonlari O`zbekistonning gilamdo`zlik rivojlangan hududlarida, shuningdek, Xorazm viloyatining Xiva shahrida joylashgan “Xiva Ichan-Qal`a Davlat qo`riqxona muzeyi”, “Hunarmand muzeyi”, “Xiva amaliy san`at va xo`jalik muzeyi” hamda “Xorazm gilamlari” sexida bo`lib o`tdi. Bundan tashqari, filmda gilam to`qish, ipak va jun iplarning bo`yalishi, tabiiy bo`yoqlarning tayyorlanish jarayoni aks ettirilgan. Shuningdek, O`zbekiston muzeylari fondida saqlanayotgan gilamlar hamda arxiv foto, video materiallardan foydalanilgan. Film ijodkorlari Buxoro, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ham suratga olish ishlarini olib borishgan.






