22 avgust kuni Janubiy Koreyada 397 ta koronavirus bilan kasallanish holatlari qayd etildi. Bu mart oyidan beri aniqlangan eng yuqori kunlik o`sish hisoblanadi. Bundan bir kun oldin 332 kishiga COVID-19 tashxisi qo`yilgandi.
Janubiy Koreya kasalliklarni nazorat qilish va uni oldini olish markazi ma`lumotlariga ko`ra, ayni paytda mamlakatda koronavirus bilan kasallanganlar 17 399 kishini, undan vafot etganlar esa 309 kishini tashkil qilmoqda.
Hozirda Janubiy Koreya hukumati qat`iy ijtimoiy masofalanish qoidalari zarurligini ta`kidlamoqda. Yaqinda Seuldagi cherkov va boshqa ijtimoiy yig`inlarda koronavirus keng tarqalishi kuzatilgan. Shuning uchun hukumat cherkovlarda odamlarning kontaktga kirishlarini man etdi va tungi klublar, bufetlar hamda internet kafelarni yopdi.
Tibbiyot sohasi rasmiylari uchinchi darajali kuchli ijtimoiy masofalanish qoidasi joriy qilinishi mumkinligini ham ta`kidlamoqdalar. Unga binoan, agar tez orada yangi kasallanish hollari kamaymasa, maktablar va ko`plab tadbirkorlik faoliyatlari to`xtatiladi.
“Biz butun mamlakat bo`ylab pandemiya boshlanishining arafasida turibmiz. Chunki, hozirda mamlakatdagi 17 ta hududning barchasida yangi kasallanish hollari ko`paymoqda. Iltimos, agar siz eng muhim narsalarni sotib olishingiz, ishga yoki shifokor qabuliga borishingiz kerak bo`lmasa, imkon boricha ko`proq vaqt davomida uyda qoling” deydi Kasalliklarni nazorat qilish va uni oldini olish markazi bosh direktori Jung Eun-Keong. Shuningdek, Eun-Keong Seuldagi cherkovda virus tarqalgan holatda hozirgacha 841 kishi zararlanganini ma`lum qilgan.






