Britaniyalik olim Mark Valportning aytishicha, koronavirus qaysidir shaklda bo`lsa ham biz bilan abadiy qoladi va bu holat doimiy vaksinasiyani talab qiladi. Bu haqda tarjumon yozmoqda.
“Odamlar grippgadagidek koronavirusdan ham ma`lum vaqt oralig`ida qayta emlanishlari kerak bo`ladi. Ushbu pandemiyani nazorat ostiga olish uchun dunyo bo`ylab vaksinasiya ishlari olib borilishi kerak. Lekin, koronavirus vaksinasiya orqali batamom yo`q qilinadigan kasallik emas” deydi Britaniyaning favqulodda holatlarda ilmiy maslahatlar berish bilan shug`ullanadigan tashkilot a`zosi Valport.
Bundan avval JSST rahbari Tedros Adhanom Gebreysus hozirgi texnologiya va tibbiyotdagi rivojlanishlarning evaziga koronavirus pandemiyasi ikki yil ichida tugatilishi mumkinligini aytgandi.
“Vaksina muhim qurol bo`ladi. Biz umid qilamizki, tez orada vaksinaga ega bo`lamiz. Lekin, xatto vaksina tayyor bo`lsa ham uning o`zigina koronavirus pandemiyasini tugata olmaydi” degan edi Gebreysus. Uning so`zlariga ko`ra, virus tarqalishini nazorat qilish uchun har bir inson o`zi va jamiyatdagi boshqa odamlarni mazkur kasallikdan himoya qilishga mas`uldir.
Hozirda dunyoda koronavirus vaksinasini yaratish borasida poyga davom etmoqda. AQSh, Britaniya va Xitoydagi tadqiqot ishlariga katta miqdorda mablag`lar ajratilmoqda. Dunyodagi birinchi vaksina tayyor ekanligini e`lon qilgan Rossiya esa o`zining vaksinasini 40 000 kishida sinab ko`rishni rejalashtiryapti.






