Korrupsiya bugun yo kecha paydo bo`lib qolgan illat emas. U birgina hudud yoki davlatning ham muammosi emas. Bu olamshumul ofatning u yoki bu turdagi ko`rinishlari insoniyat tarixining turli davrlarida mavjud bo`lib kelgan.
Korrupsiya nima o`zi?
Korrupsiya lotin tilidagi corroptio so`zdan olingan bo`lib, sotib olish, buzilish, yo`ldan urish singari ma`nolarni beradi. Qadimgi Rim yoki Yunonistonda ham, o`rta asrlarda Sharq va G`arb mamlakatlarida ham davlat xizmatidagi mulozimlarning jinoyatga qo`l urishi, poraxo`rlik, tama`girlik singari qusurlar bo`y ko`rsatgan.
Albatta qonuniy, axloqiy va diniy manbalar bunday noqonuniy xatti-harakatlarni har doim qoralab kelgan. Jumladan, islom dinida ham bu illat taqiqlanadi. Xususan, Qur`oni karimning “Baqara” surasi 188-oyatida: “Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo`l bilan emang. Bilib turib, odamlarning mollaridan bir qismini gunoh ila eyishingiz uchun uni hokimlarga tashlamang”,deyamarhamat qilinadi. Shu sababli o`tmishda buyuk ajdodlarimiz ham davlatning ildiziga bolta uradigan salbiy odatlarni qat`iy qoralaganlar. Alisher Navoiyning bir ruboiysi ham aynan shu xususda:
To xirsu havas xirmani barbod o`lmas,
To nafsu havo qasri baraftod o`lmas,
To zulmu sitam jonig`a bedod o`lmas,
El shod o`lmas, mamlakat obod o`lmas.Ya`ni yurtda ochko`zlik, badnafslik, tamagirlik, adolatsizlik barham topmas ekan, xalq farovonligi, odamlarning roziligi, mamlakat obodligini ta`minlab bo`lmaydi.
Bugunga qadar hali biror bir mamlakat bu ofatni tag-tugi bilan yo`q qilolgani yo`q. Qaysidir davlat bu illatga qarshi kurashda ancha yuqori natijalarga erishgan bo`lsa, boshqa bir o`lka tobora korrupsiya botqog`iga botib bormoqda. Rad etib bo`lmas haqiqat shuki, qaysi yurtda korrupsiya darajasi past bo`lsa, o`sha erda rivojlanish ko`rsatkichlar baland bo`ladi.
Kim boshida, kim oxirida...
Garvard universiteti va Massachusets texnologiyalar instituti tomonidan ishlab chiqilgan, 149 ta mamlakat o`rin olgan Ijtimoiy rivojlanish indeksi (The Social Progress Index) bo`yicha joriy yilda dunyoda Norvegiya, Daniya, Shveysariya, Finlyandiya, Shvesiya, Islandiya, Yangi Zelandiya, Germaniya, Kanada, Yaponiya singari mamlakatlar etakchilik qilib kelayotgan bo`lsa, bu ro`yxat so`ngidan Kongo Demokratik Respublikasi, Eritreya, Chad, Markaziy Afrika Respublikasi, Janubiy Sudan mamlakatlari o`rin olgan.
Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash nodavlat tashkiloti – Transparency International tashkilotining 2020 yil boshida e`lon qilingan reytingi ham yuqoridagi fikrlarni batamom tasdiqlaydi. Mazkur reytingda korrupsiyadan xolilik darajasi 0 dan yuzgacha ball tizimida baholangan bo`lib, dastlabki reytingda tilga olingan Shimoliy Evropa mamlakatlari, Kanada, Yaponiya singari davlatlar ushbu ro`yxatning boshidan, rivojlanishdan ancha orqa qolgan Afrika, urush va notinchlik girdobidagi Yaqin Sharq mamlakatlari oxiridan o`rin olgan.
BMT ma`lumotlariga ko`ra, dunyo iqtisodiyoti har yili korrupsiya sababli 2,6 trillion dollarni yo`qotmoqda. Bu dunyodagi mavjud yalpi ichki mahsulotining 5 foizidan ko`prog`ini tashkil etadi
Ya`ni, har yili o`nlab mamlakatlar iqtisodiyotini tiklash, millionlab qashshoqlarga yordam berish, ish o`rinlari yaratish, qancha-qancha maktablar, oliy o`quv yurtlari, shifo maskanlariqurishga sarflanishi mumkin bo`lgan behisob mablag`lar muayyan jinoiy to`dalar, korrupsionerlar, noinsof amaldorlar, poraxo`r, manfaatparast rahbarlar qo`liga o`tib ketmoqda.
Korrupsiya, uyushgan jinoyatchilik, ijtimoiy tengsizlik alaloqibat turli nizolar, qurolli to`qnashuvlarga zamin yaratadi. Amaldorlar, vijdonsiz kimsalar mamlakat g`aznasi va oddiy fuqarolarning cho`ntagidan o`marilgan boyliklar hisobidan boyib boraverishadi. Oddiy xalqning turmush tarzi tobora qashshoqlashaveradi.
Jahon bilan hamnafas
Albatta, jahon hamjamiyati korrupsiyaning oldini olish va uning oqibatlarini bartaraf etish borasida uzoq yillardan beri bosh qotirib, tizimli choralarni qo`llab keladi.
Ko`plab rivojlangan davlatlarda korrupsiyaga qarshi kurash mexanizmi ancha yillar avval shakllangan. Masalan, Buyuk Britaniyada 1889 yildayoq “Davlat idoralarida poraxo`rlikka qarshi kurashish to`g`risida” va 1906 yil 4 avgustda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida”gi qonuni qabul qilingan edi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 2003 yil 31 oktyabrdagi 58-sessiyasida imzolandi. Ayni paytga qadardunyoning 172 davlati qo`shilgan bu Konvensiyada mamlakat rivoji va xalq farovonligi yo`lidadagi barcha ishlarda halollik, qonun ustuvorligi, erkinlik va oshkoralik kabi fazilatlar muhim ahamiyat kasb etishi ta`kidlanadi.
2008 yili mamlakatimiz BMTning “Korrupsiyaga qarshi konvensiya”siga, 2010 yili Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti doirasida qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi kurash bo`yicha Istanbul harakat rejasiga ham a`zo bo`ldi.
Keyingi yillarda bu baloyi azimga qarshi kurashish yurtimizda yangi bosqichga ko`tarildi. 2017 yil 3 yanvar kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida” O`zbekiston Respublikasi Qonuni, 2019 yil 27 mayda Davlat rahbarining “O`zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni e`lon qilindi. 2020 yil 26 iyun kuni Prezident qarori bilan O`zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Bularnig barchasi mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va uning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan keng qamrovli sa`y-harakatlar boshlanganidan darak beradi.
“Halollik vaksinasi”
Bugun vaksina dunyo ahli uchun najotbaxshso`z o`laroq jaranglamoqda. Turli davlatlarda koronavirusga karshi vaksina tayyorlash, uni tezroq sinovdan o`tkazish va sotuvga chiqarish uchun “poyga” boshlangan.
Ammo, Er yuzida koronavirusdan-da dahshatliroq, qudratliroq kuch bu korrupsiyadir. U tufayli ko`pdan beri adolatsitzlik, nohaqlik, tengsizlik dunyoning katta qismiga o`zining qora ko`lankasini tashlab kelmoqda. U tufayli urush va mojarolar, qashshoqlik va etishmovchiliklar tinmaydi. U bois har yili millionlab insonlar qurolli to`qnashuvlar, ochlik va muhtojlik, nohaq hukmlar qurboniga aylanadi. Katta ehtimol bilan dunyoning ikki yuzga yaqin mamlakatida koronavirus “tup qo`yib palak yozishi”da ham o`z chirkin manfaatlarini ko`zlayotgan qora guruhlar, yovuz kuchlar, korrupsion tizimlar borligini inkor etib bo`lmaydi.
Shunday ekan, sayyoramizdagi ko`plab illatlarning ildiziga bolta urish uchun avvalo korrupsiyani yo`qotish kerak. Koronavirusga qarshi vaksina ertami-kech barcha mamlakatlarga etib borishi, insoniyat bu og`ir darddan qutulishi mumkin. Ammo, korrupsiya-chi?
Joriy yil boshida mamlakatimiz rahbari oliy majlis palatalariga yo`llagan murojaatnomasida aynan korrupsiyani yo`qotish uchun har bir inson “halollik vaksinasi” bilan emlanishi zarurligini ta`kidlagan edi.
Aslida bu “vaksina” butun mamlakatning hayot-mamotini belgilovchi omil ekanligi bugun o`z isbotini topayotir. Biroq, taassufki, korrupsiya jamiyatning har bir jinko`chasigacha kirib borgan, har birimizning qaysidir ma`noda hayotimizga ta`sir etayotir. Tan olish lozimki, inson tug`ilganidan boshlab hayotining so`nggi damlariga qadar va hatto undan keyin ham korrupsiyaning u yoki bu ko`rinishiga duch keladi. Chaqaloqni eson-omon dunyoga keltirish, ona va bolaga risoladagidek e`tibor qaratish uchun albatta doyalar yoki tug`ruqxona xodimlarining “ko`nglini olish kerak”. Bola yaxshiroq bog`chaga joylashishi, boshqalardan ko`ra yaxshiroq ta`lim beradigan maktabga borishi uchun ham ba`zan kimlar bilandir “gaplashilmasa” ish bitmaydi. O`qishga kirishi uchun bolaning bilimi va iqtidori asqotsa xo`p-xo`p, aks holda yana o`sha eski odatlarni qo`llaymiz. O`qishni bitirgan o`g`il-qizni ishga joylashda ham ko`pchilik yana “yo zari, yo zo`ri”ni ishga soladi. Ish jarayonida-ku, korrupsiyaning ming bir qiyofasi bilan yuzlashish mumkin. Yaxshi hordiq chiqarish, imtiyozli uy-joy, kredit olish, yo`l harakatidagi qoidabuzarliklarni xaspo`shlash, sog`liqni tiklash.. Hatto ba`zida marhumni tezroq tuproqqa topshirish ham o`z-o`zidan hal bo`lmaydi.
Albatta, har bir muassasa, har qanday sohada fidoyi, o`z kasbini vijdonan, sidqidildan bajarib kelayotgan rahbar va mutasaddilar ko`p. Ammo, azaliy qoida: go`sht suyaksiz, guruch kurmaksiz bo`lmaydi...
Agar har bir soha korrupsiya atalmish “zarpechak”dan tozalansa, har bir inson qonida korrupsion “virus”larga qarshi immunitet shakllansa, bu illatga qarshi kurash yanada jiddiy va murosasiz tus olsa, qanchadan-qancha muammolar o`z echimini topgan bo`lur edi.
Respublikaning ko`pgina tarmoqlarida “korrupsiyadan xoli hudud”larni yaratishga, xodimlarni ishga olishda muayyan qonun-qoidalarni joriy qilishga harakat qilinmoqda, xalqaro tajribadan o`tgan yangicha tizimlar joriy etilmoqda. Bularning barchasi vaqti kelib, o`z samarasini berishi tabiiy.
Har kuni ommaviy axborotvositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali pora olayotib qo`lga tushgan rahbarlar haqidagi xabarlardan voqif bo`lyapmiz. Har yili yuzlab-minglab mansabdor shaxslar o`z nafsini jilovlay olmagani sababli ishdan haydalmoqda, jazoga tortilmoqda, ozodlikdan mahrum etilmoqda.
Ammo, bu kurashni faqat muayyan rahbarlar, mutasaddi xodimlar, mas`ul tashkilotlarning zimmasiga yuklash, faqat ularni javobgarlikka tortish qo`yish yaramaydi. Har birimizning qon-tomirimizda hali “korrupsion” viruslar bor. Afsuski, bolalarimizga ham bu viruslar ko`chib o`tmoqda. Har qanday masalani tezroq hal qilish uchun tanish-bilish yoki pul kerak degan yaramas aqidaga ko`nikib qolganmiz. Holbuki, haq-huquqlarimizni puxta bilsak va uni o`z o`rnida talab qila olsak, qaysidir ma`noda korrupsiyaga qarshi kurashda o`z hissamizni qo`shgan bo`lamiz. Nimagaki talab pasayar ekan, taklif ham shunga yarasha bo`ladi. Talab yo`qolsa, taklif ham chekinadi...
R.Jabborov,
O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mas`ul xodimi