Namanganda 40 yoshli A.K., 39 yoshli R.K., 23 yoshli A.K., 35 yoshli B.B., 33 yoshli S.A. va 30 yoshli J.A., lar oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruhga birlashishdi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Ular 2020 yilning 11 avgust kuni soat 16:00 da Namangan shahri I.Karimov ko`chasida joylashgan avtomashinalarga texnik xizmat ko`rsatish ustaxonasiga kelishib, shu erda ishlovchi o`zlariga oldindan tanish bo`lgan 28 yoshli Sh.Q., dan 95.000.000 so`m qarzini berishni talab qilishadi. Hech bir sababsiz uni urib do`pposlab, Sh.Q.,ni “Jentra” siga yuklab, o`g`irlab ketishada.
Namangan shahri, Ziyonur ko`chasida joylashgan qurilishi tamomlanmagan binoga olib borishib, u erda Sh.Q.ga sog`lig`i uchun xavfli bo`lgan zo`rlik ishlatib, urib-do`pposlab yonidagi 5.000.000 so`m miqdoridagi pullarini bosqinchilik yo`li bilan qo`lga kiritishgan.
Mazkur holat yuzasidan Namangan shahri bo`yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi “v” bandi (odam o`g`irlash) va 164-moddasi 2-qismi “b” bandi (bosqinchilik) hamda 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Ushbu jinoyatni sodir etgan barcha shaxslar ushlanib, jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.






