«Milliy» telekanalining «M-kokteyl» loyihasining maxsus soni 25 avgust kuni koronavirus oqibatida vafot etgan O`zbekiston xalq artisti Dilbar Ikromovaga bag`ishlandi. Ko`rsatuvda aktrisaning hamkasblari, taniqli aktyorlar uni yodga oldi.
«Dilbarni eshitib, tamom bo`ldim. Nega dunyo bunaqa? Mayli, bandalik — o`lim haq, degani. Lekin inson yoshini yashab, qilgan mehnatlarining rohatini ko`rsa bo`lmasmidi? Nimaga telba-teskari, berohat bo`lib ketdi bu ayol?, degan narsa har bir insonning dilini xufton qilyapti hozir», — deydi O`zbekiston xalq artisti Erkin Komilov.
«Dilbardaka aktrisa boshqa teatrga kelmaydi. Hali juda uzoq, 70, 80 yil bordir, lekin Dilbardaka yurakli aktrisa yo`q. Bu gaplarni men bir aktyor sifatida aytaman. Dilbar indamay turganda ham sahnada yashardi. U juda katta yurakli aktrisa edi. ‘O`zbekcha raqs’ spektaklidagi uning rolini endi hech kim o`ynay olmasa kerak. Dilbar bu obrazni o`zi bilan olib ketdi. ‘Qirmizi olma’, ‘Chimildiq’dagi obrazini ham olib ketdi», — deya so`zlarini davom ettiradi Erkin Komilov.
Hayotda kamtarin, hokisor bo`lgan aktrisa hayotining so`nggi yillarini g`am-qayg`uda, katta qiyinchiliklar bilan o`tkazdi.
«Dilbar bilan dardkash edik. Biz u bilan institut yillaridan tanish edik. Oxirgi marta yarim oycha avval gaplashgandik. O`shanda ham dardini aytgandi. Keyin biroz mazam bo`lmadi, issig`im chiqdi, Xudoga shukur, hozir tuzalib qoldim’ degandi», — deydi taniqli aktrisa Muhabbat Abdullaeva.
Ko`rsatuvda qayd etilishicha, millionlab muxlislar qalbidan joy egallagan «O`zbekning Sottisi» keksaygan chog`ida oilaviy kelishmovchiliklar tufayli ijarada yashagan.
«Uning qaerda yashashini hech kim bilmasdi. Masalan, janozaga borish uchun hammamiz bir-birimizdan so`radik. Chunki ko`chib-ko`chib, u yoqda bu yoqda, singlisinikida, ijarada yashadi. Bir-ikki marta s`yomkaga singlisinikidan olib ketdik. O`shanda biz bir-ikki marta dardlashdik, Xudo rahmat qilgur, armonda ketdi-da. Shu bolasini baxtli qilaman, deb butun umr bolasi uchun yashadi», — deydi Muhabbat Abdullaeva.
«Bilamiz, nima uchun shunaqa bo`lganini ham. O`sha ayol kimligini ham bilamiz. Xudoga soldik, Alloh bor. O`sha insonlarning agar vijdoni bo`lsa, mayli o`zlari ko`rsin. Dilbar birovga yomonlik qiladigan ayol emasdi. Biz u bilan 35-40 yil birga ishlaganmiz. Hech qachon birovga yomonlik qilgan emas. Nima sababdan bunday ro`shnolik ko`rmadi dargohidan?»,— deydi Erkin Komilov.






