Latviya, Litva va Estoniya Tashqi ishlar vazirliklari «o`z shaxsiy harakatlari bilan prezidentlik saylovi natijalarini soxtalashtirishni uyushtirgan va tinch namoyishlarni zo`ravonlik bilan bostirishni qo`llab-quvvatlagan» belaruslik mansabdor shaxslarga nisbatan sanksiyalar joriy qilinganini ma`lum qildi. Bu haqda Meduza xabariga tayanib Daryo yozmoqda.
Aleksandr Lukashenko boshchiligidagi 30 kishiga noma`lum muddatga persona non grata maqomi berilgan. Shuningdek, ro`yxatga Belarus prezidenti apparati va ma`muriyati, mamlakat Markaziy saylov komissiyasi, Ichki ishlar va Adliya vazirliklari, Bosh prokuratura, Tergov qo`mitasi, Davlat xavfsizlik qo`mitasi, Xavfsizlik kengashi va boshqa idoralar vakillari kiritilgan.
Latviya, Litva va Estoniya Evropa Ittifoqini zudlik bilan belaruslik mansabdorlarga nisbatan xuddi shunday choralar qo`llashga chaqirgan.
Avvalroq Evropa parlamenti Lukashenkoga persona non grata maqomini bergandi va Moskvadan Belarus ishlariga aralashmaslikni so`ragandi.
Eslatib o`tamiz, Belarusda 9 avgust kuni prezident saylovi bo`lib o`tdi. Saylov kuni Minsk markaziga harbiy texnikalar olib chiqildi. Belarus milisiyasi saylov uchastkalari oldida to`plangan odamlarni qo`lga oldi. Saylov kuni oqshomida mamlakatning barcha etakchi ommaviy axborot vositalarining saytlari ishlamay qoldi. Minskda prezident saylovidan keyin norozilik namoyishlari boshlangan.






