1

Birinchi qor: esladim sizni...

Mutolaa 17.12.2015, 13:04
Birinchi qor: esladim sizni...

Tashqarida qor yog`moqda... Birinchi qor... Esingizdami, har yili birinchi qor yoqqanida telefon qilib bir-birimizga ezgu niyatlar tilardik. Adog`i yo`q orzular osmonida uchardik ikkimiz.

— Birinchi qor bilan... — doimgidek birinchi bo`lib qo`ng`iroq qildingiz yana.

— Rahmat, o`zingizni ham, — dedim entikib.

— Dilingdagi mana shu qor parchalaridek oppoq orzularing ushalsin, — deya tilak bildirdingiz.

— Sizga esa baxt, omad keltirsin bu oqlik, — dedim.

— Sen baxtga ishonasanmi? — kutilmaganda savolga tutdingiz.

— Albatta, ishonaman, — dedim ikkilanmay.

— Men sen bilan tanishmasimdan avval hech qanday baxtga ishonmasdim. Orzu va istaklarim ham yo`q edi meni. Faqat bugunim uchun yashardim. Ertam bormi, yo`qmi farqi yo`q edi men uchun. Axir bu dunyoda suyanganim kim bor edi? Hech kim! Birgina tasodif seni menga bog`ladi-yu, butunlay boshqa odamga aylandim... Sening ovozlaring, kulishlaring, og`ir damdagi taskinlaring meni yashashga undadi. Yaxshiyam taqdir seni menga uchratdi. Eshityapsanmi?

— ...

— Nega jimsan? Nega ko`nglimdagilarni aytsam doim jim bo`lib qolaverasan?

— O`ylayapman.

— Nimani?

— Gaplaringizni.

— Balki kulging kelayotgandir?

— Yo`q, unday emas. Men sizni juda hurmat qilaman. Gaplaringizni ham diqqat bilan tinglayapman.

— Necha yildan beri telefonda gaplashamiz-u, haligacha bir-birimizni tanimaymiz. Yaqindan tanishishni, ko`rishni istamaysanmi?

— Yo`q, do`stlikda bu sifatlar muhim emas.

— Demak, biz faqat do`st ekanmiz-da!

— Unday demoqchi emasdim, lekin telefonda oddiy bir tasodif tufayli tanishib sevishib qolish va o`sha begona inson hayotining ajralmas qismiga aylanish... aqlga sig`maydi.

— Kel, unday bo`lsa bugun ko`rishamiz. Esingdami, ilk tanishuvimizda ham birinchi qor yog`ayotgandi, qara, bugun ham birinchi qor yog`moqda. Bizga mana shu oppoq qorlar guvoh bo`lsin.

— Sizga yoqmasam-chi?

— Yo`q, bunday gaplarni gapirma. Qanday bo`lsang, shundayligingcha yaxshi ko`raman, lekin sendan cho`chiyman. Agar men yoqmasam-chi?.. Bilasanmi, qo`rqaman, sensizlikdan, yana yolg`iz qolishdan qo`rqaman....

— Men ham...

— Seni sevaman!

— ...

Axir men ham befarq emasman-ku, deyolmadim o`shanda. Xayolan ko`nglimda baxt qasri quraman, unda siz Shahzoda, men Malika bo`laman. Biroq, bularning bari xayol, xayollarim bo`ladi faqat. Chunki men sizni ko`rmagandim, men sizni tanimasdim. Bir necha marotaba uchrashuv belgilardig-u, bormasdim, borolmasdim. O`zimni sizga loyiq bilmasdim. Bu gal ham juda qiyin vaziyatda qoldirgandingiz.

— Kecha rahmatli onamni tush ko`ribman, — mahzun kayfiyatda so`zlardingiz. — Oppoq kiyimda yanayam chiroyli ko`rinardilar. Atroflarida qip-qizil gullar chaman-chaman bo`lib ochilib yotardi. Bir quchoq gul terib beribdilar. Gullar ko`pligidan quchog`imga sig`may ketdi. Xursand emishman. Gulzordan chiqib ketayotsam qizil gullar orasida bir dona oppoq atirgul turganmish. Yaqin borib uzay dermishman-u, uzolmasmishman. Onamga aytay desam, ular ham yo`q bo`lib qolibdilar. Gul yonida turib uyg`onib ketdim. Shundan beri ko`nglim xijil, bu tush nimaning alomati ekan, deb o`ylaganim-o`ylagan.

— Hamma tushlarni yaxshilikka yo`yish kerak, — dedim men.

— Kel uchrashaylik, bugunoq, — qat`iy ohangda aytdingiz. To`satdan aytilgan gapdan gangib qoldim.

— Nima uchun aynan bugun?

— Qachongacha shunday yuraveramiz. Seni ko`rgim kelyapti, kimligingni bilishni istayman.

— ...

— Sen-chi, shuncha vaqtdan beri kim bilan gaplashayotganingni bilishni xohlamaysanmi?

— Xohlayman, lekin...

— Ikki soatdan so`ng ko`rishamiz. Inkor qilaman deb ovora bo`lma. Xayr, kutaman.

— Allo...

So`nggi gapimni aytishga ham ulgurmadim. Qayta telefon qildim. Javobsiz qo`g`iroqlar go`yo so`nggi hukm edi.

Soat millariga qarayman, buncha tez aylanmasa... Boshim qotgandi, nima qilishni bilmasdim.

O`ylay-o`ylay, “Boraman, albatta, uchrashaman”, dedim o`zimga o`zim. Aytilgan joy — Xotira maydoni. Soatimga qarayman, belgilangan vaqtdan o`n daqiqa oshibdi. Kun sovuq. Hamon maydalab qor yog`ardi. Birinchi qor...

Kun unchalik ham sovuq bo`lmasa-da, titrardim. Ich-ichimdan qattiq hayajon qamrab olgandek tuyulardi. Yuragimning tez-tez urishidan nafas olishga-da qiynalardim. Qadamlarimni bazo`r bosaman. Bir soniya, birgina soniyada go`yo taqdirim hal bo`ladigandek. Sizning qandayligingizni farqi yo`q, muhimi, men tasavvuringizdagidek bo`lsam bo`ldi edi.

— Kechirasiz, ismingiz Asolat emasmi?

Bu o`sha!.. Ortimga o`girilib qarashga qo`rqardim. Indamadim. Qadamlarim tezlashdi.

— Asolat!!!

Meni tanidi, endi nima bo`ldi, derdim ichimda.

— Asal...

U ba`zan telefonda meni erkalab shunday derdi.

— Labbay, — dedim ortimga o`girilib.

Sizni ko`rdim-u, ko`nglimdagi muhabbatim qasri chil-chil sindi, dilimdagi sevgim izhori tilga ko`chmadi. Chunki men xayolan tasavvur qilgan odamga sira o`xshamasdingiz. Xayolot va real mavjudlik orasida ikkilanib qoldim.

— Sen o`shami? — dedingiz hayajon bilan.

— Ha, — dedim siniq ohangda. Ikki og`iz so`z bilan bir-birimizni tushungandek jim bo`lib qoldik.

— Yur, anavi erda o`tiraylik, — deya o`rindiqlardan birini ko`rsatdingiz.

— Ketishim kerak, uzr, — dedim xijolatomuz.

— Menga aytadigan gaplaring yo`qmi? — shart o`girilib so`radingiz.

— ...

— Meni senga aytadigan gaplarim shunaqayam ko`pki.

— Telefonlasharmiz, — dedim bee`tibor.

— Nega? Men bilan qolishni istamaysanmi? — go`yo barini sezib tursangiz-da savolga tutardingiz atay.

— Zarur ishlarim bor edi, — dedim kat`iy.

— Mendan ham muhimmi? — ko`zlarimga o`tkir nigohlaringizni qadab so`radingiz. — Shunday bo`lsa, mayli, ketaver...

— Siz boshqacha tushunmang, haligi...

— Qanday tushunay, bahona qilmay yoqmadingiz, deb qo`ya qolmaysanmi? — o`zingizni tutolmay jerkib yubordingiz.

— Jahlingiz chiqmasin, sekinroq. Atrofdagilar bizga qarashyapti, axir.

— Senikidan ko`ra muhimroq ishlarni ham chetga surib seni ko`rgani keldim. Chunki men uchun eng muhimi sensan!

Oraga uzoq jimlik cho`kdi. Yurib-yurib bo`sh o`rindiqlarning biriga o`tirdik. Men sizni xafa qilib qo`yganimni bilardim, lekin negadir ko`nglingizni ko`tarishni ham istamasdim.

— Bugun onamni xotiralash kuni edi. Har yili shu kuni mozorga borib duoi fotiha qilaman, hayr-ehson tarqataman... Onasi bor bolalarga havasim keladi. Afsus, mening onam... Inson borida qadriga etmaydi-yu, yo`g`ida esa izlab topolmaydi. Dunyo ishlaridan, hayot tashvishlaridan to`yib ketsam onamning qabrini ziyorat qilaman. Qabr tepasida soatlab o`tirib dardlarimni to`kib solaman.

— Bugun ham bordingizmi?

— Yo`q, agar xo`p desang birga borardik.

— Men bilanmi?..

Nima deyishni bilmasdim. Aytgan gaplaringiz jon-jonimni zirqiratib og`ritardi. Ma`yus va mungli nigohlaringizning iltijoli boqishlariga dosh berolmadim.

Biz bir mozorga bordik. Yurib-yurib bir qabr yonida to`xtadik. Uning shundoqqina novdalarini engil qor qoplagan daraxt tagida ekan. Atroflari obod va ko`rkam orastalangan.

— Mana shu onamning qabri.

— Olloh rahmatiga olgan bo`lsin.

Erga cho`kdik. Duoi fotiha o`qidingiz. O`rnimdan turmoqchi edim, qo`llarimni mahkam ushlab oldingiz.

— Menga turmushga chiqasanmi?

Kutilmagan savoldan dovdirab qoldim. Shu erda, shunday vaziyatda nima deyishni ham bilmasdim.

— Oyijon, sizga Asal haqida aytgandim-u, esingizdami? Olib kelaman, deb va`da bergandim, mana, biz keldik. Qaniydi hayot bo`lganingizda... Afsus, oq fotihangizni olish nasib etmadi, Ona...

Ko`zlarimga yosh quyilib kelaverdi. Ham dardingizga kuyib, ham dilimdagilarni aytolmaganimdan yig`lardim. Axiyri chiday olmadim, yugurgancha qabristondan chiqib ketdim.

Kechqurun qo`ng`iroq qildingiz.

— Asal, meni kechir.

— Ayb ish qilganingiz yo`q-ku, nega kechirim so`raysiz.

— Uzr, seni noqulay ahvolga solib qo`ydim.

— Hechqisi yo`q, o`sha paytda sizning ham holatingizni tushunish kerak, mayli, indamang.

— Unda nega savolimga javob bermading?

— ...

Sizning ovozlaringiz yurak-yuragimni larzaga solardi. Telefon ortidagi inson bilan hayotdagisini solishtirish... go`yo umuman boshqa-boshqa odamdek tuyulardi.

— Sizdan xavotir oldim, — beixtiyor otilib chiqdi yuragimdan shu so`z.

— Meni faqat sen o`ylasang kerak-a. Onamdek mehribonsan, Asal, — dedingiz yanayam hazin ohangda.

— Nega unday deysiz?

— Sendan o`zga kimim bor yana. Xo`p desang, bir umr yonimda bo`lishingni istardim.

— Afsus, bunday bo`lmaydi, — gapingizni shart bo`ldim.

— Nima uchun? — hayron bo`lib so`radingiz.

— Chunki, chunki men beshikkerti qilinganman.

— Kimga?

— Xo... xo-olamning o`g`liga, — bazo`r tilimga ko`chdi.

— Hazillashmayapsanmi? Nega shuni avvalroq aytmaganding?

— Nima, shunday deganimda sevib qolmasmidingiz?!

— Buni menga farqi yo`q, tushundingmi!

— Urf-odatlarimizga hurmat bilan qarash kerak, yo`qsa buning oqibati yaxshilikka olib bormaydi baribir.

— Sening-cha, urf-odat ustunmi yo ko`ngling? Ayt, ko`nglingga qarshi chiqa olasanmi.

— Bunday savollar bermang, iltimos.

— Unda muhabbatimiz haqqi rost aytyapman deb ayt-chi!

Javob berolmasdim, og`ir edi savolingiz, judayam og`ir...

— Agar aldayotgan bo`lsang, seni hech qachon kechirmayman! Muhabbatim kechirmaydi seni hecham!..

Jim qoldim. Go`shakni qo`yib qo`ydim. Aslida bu gap yolg`on edi. Sizni aldashni xohlamasam-da, lekin o`zga choram ham yo`q edi mening. Shu yo`lni tanlagandim. Axir o`zimni aldab, sizni umidvor qilib yashagandan ko`ra... Bora-bora sizning ham qo`ng`iroqlaringiz kamaydi. Goh-gohida telefon qilib qolsangiz ham vaqtim yo`q, gaplasholmayman, deb bahona qilardim.

Ikki yil telefonda gaplashibmiz-u, uchrashib esa bir soniyada orzularimizning bari ro`yoga aylandi-qoldi... Hammasi... Albatta, bunga mening o`jar fe`lim, beqaror sevgim, chin muhabbatdan ko`ra soxta go`zallik axtargan ko`nglim aybdor edi...

Endi kunlarim sizsiz o`tardi. Men unutaman, derdim. Buning uchun o`zimda iroda etarli, deb o`ylardim. Kunlar, oylar chindan ham uzun yillardek o`tardi, biroq hech qachon sizga qaytmayman, deb o`zimni ishontirardim...

Bugun tashqarida qor yog`moqda. Birinchi qor... O`tgan kunlar, xotiralar sizni yodga solmoqda. Sizni ko`rmaganimga, ovozlaringizni eshitmaganimga uch yil bo`libdi-ya.

Derazadan tashqariga qarayman. Osmondan o`ynoqlab tushayotgan qorlarni kuzatish naqadar zavqli-a. Ularga qarab turib xayolga cho`maman: Sizsiz men baxtga erisha oldimmi? Afsus...

Birinchi qor yoqqanida hamon meni eslarmikan, o`yga tolaman yana. U-chi, u baxtlimikan... Goh-gohida meni esga olarmikan, deyman. Negadir shu tobda kutilmaganda qo`ng`iroq qilib qolishingizni kutaman, kutaveraman, biroq... Yo`q, ortiq dosh berolmayman. Go`shakni olaman, tanish raqamlarni teraman. Ming bir hayajon, hadik bilan javob kutaman. Ammo afsus, go`shak hech ko`tarilmaydi. Yon daftarchamdan eng yaqin do`stingizning raqamlarini topdim.

— Salom, bu men Asolatman.

— Asolat? Kim u?

— Haligi, do`stingizning do`sti, esladingizmi?

— Asal, bu sizmi? Eh, qaerlarda yuribsiz? Tinchmisiz, ahvollaringiz yaxshimi?

— Rahmat. Haligi... aytolmaysizmi, do`stingizni qanday topsam bo`ladi?

— U... bilasizmi... Sizga nima desam ekan...

— Tuzukmi o`zi, ko`rishib turibsizlarmi?

— Ha, yaqinda ko`rgandim.

— Yaxshimilar? — entikib so`rardim undan. U esa ming savolimdan biriga-da javob qaytarmasdi.

— Allo, meni eshityapsizmi? Tinchlikmi o`zi? Nega jimsiz?

— Asal, sizni aldashdan nima foyda. Rosti, uning ahvoli og`ir, — dedi oxiri chuqur xo`rsinib.

— Og`ir... bu nima deganingiz? Nima bo`ldi, tushuntiribroq gapirsangiz-chi... — yuragim gupurlab toshardi.

— U siz bilan aloqani uzgandan keyin ichkilikka mukkasidan ketdi. Lekin shunda ham sizni unutolmay...

— Xo`sh, xo`sh...

— Hammasini unutish uchun... Aytishga tilim bormaydi...

— Nima bo`ldi, aytaqolsangiz-chi?

— Giyohvandlardan farqi qolmagan uni...

— Nima, nimalar deyapsiz? Yo`q-yo`q! Bo`lishi mumkin emas! Hazillashdim, adashdim deng...

— Siz unga keraksiz, Asal!..

— Uni topaman, albatta, topaman...

Shu dam men bir telbadek edim, devona dalli. Topishim mumkin bo`lgan joy onangizning hoki qo`yilgan mozoriston edi. O`ylab ham o`tirmay o`sha erga bordim. Qabr ustida yum-yum yig`lab ko`z yosh to`kdim.

— Meni kechiring, oyijon... Hamma ayb menda, hammasiga men aybdorman... Men uni sog`indim! Ko`nglim notinch, qaerdan izlay?! Kimdan so`ray?! Dilimdagi g`ashlik yuragimga azob bermoqda. Hamma ayb o`zimda...

Bilmadim, qanchagacha o`tirdim. Sovuqdan oyoq-qo`llarim hech nimani sezmasdi. Ketishim kerak, turishga madorim yo`q. Atrofga iltijoli nazar tashlayman. Go`yo hozir qaerdandir paydo bo`lib qolasiz-u, meni yupatasiz. Lekin... Afsus...

Azizim, men seni juda sog`indim,

Boshim qo`ygim keldi qoya elkangga.

Sevgilim, men bugun seni sog`indim,

Ishondim, Muhabbat bor ekaniga...

Adolat Fayzieva

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1