“Tadbirkor ayolning eng yaxshi loyihasi” tanlovining Respublika bosqichi g`oliblari aniqlandi.
Tanlovning quyi bosqichlarida bir yarim mingdan ortiq tadbirkor ayol o`z loyihalari bilan ishtirok etdi. Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkor xotin-qizlarning loyihalari “Ishlab chiqarish sohasidagi eng yaxshi loyiha”, “Servis sohasidagi eng yaxshi loyiha”, “Qishloq joylarga mo`ljallangan eng yaxshi loyiha” kabi yo`nalishlarda saralanib, ularning 42 nafari yakuniy bosqichda ishtirok etish huquqini qo`lga kiritdi.
Tanlovda biznes loyihalari birinchi va ikkinchi o`rinlarga loyiq topilgan 28 g`olibga tijorat banklaridan 4,1 milliard so`m kredit mablag`i ajratish to`g`risidagi sertifikatlar topshirildi.
Joriy yilda tijorat banklari tomonidan ayollar rahbarligidagi ishlab chiqarish tarmoqlariga 1,2 trillion so`mdan ziyod, kasb-hunar kollejlarini bitirgan qizlar o`rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 51 milliard so`mdan ortiq kredit mablag`lari yo`naltirilgani opa-singillarimizning jamiyat hayotida munosib o`rin topishiga alohida e`tibor qaratilayotganidan dalolatdir.





